“Bir haftada bir qozon qaynatolmaydigan xonadonlar bor, biz ibtidoiy jamiyatda yashamaymizku”. Qarshi tumanidagi mahalla ahlining muammolarini mutasaddilar eshitmayapti

“Bir haftada bir qozon qaynatolmaydigan xonadonlar bor, biz ibtidoiy jamiyatda yashamaymizku”. Qarshi tumanidagi mahalla ahlining muammolarini mutasaddilar eshitmayapti

Qarshi tumani “Chaman” mahallasi Obod ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholini bir necha yillardan beri yo‘l, ichimlik suvi va maktab bilan bog‘liq muammo qiynab kelmoqda. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Obod ko‘cha nomiga mos emas. Uy-joylarga kiraverishdagi asosiy yo‘l umuman asfalt qilinmagan.
“Nasafnews” muxbiri vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va odamlarning e’tirozini tinglash maqsadida mazkur mahallaga bordi.

-Bizni ham kimdir tinglar ekanmi? Mahalla raisi kim ekanini bilmaymiz, hamshiralar umuman bu ko‘chaga kelmaydi. Tez yordam chaqirsak, bizga qarashli emas u ko‘cha deb javob beradi, -deydi Obod ko‘chasidagi 65-uyda istiqomat qiluvchi Rahmatilla Xoliqov. Kuni kecha qo‘shnimiz Zokir Narzullayev vafot etdi. Qon bosimi ko‘tarilib ketgani uchun tibbiy yordam qilishga qiynaldik. Tez yordam kelmadi, chaqirsak loy ko‘chaga kira olmaymiz deb aytadi. Haqiqatdan ham ko‘chamizning ahvoli juda og‘ir.
Mashinalar loyga botib qolyapti, bir amallab yig‘ilishamiz bu mashinalarni suramiz. Qo‘shnimiz deb bir-birimizga yordam beramiz.

– Birinchi guruh nogironiman, ko‘chamiz loyligi uchun biron joyga aravacha bilan chiqishga ham qiyanalaman. Loyga botib qolib, necha marta aziyat chekdim. Ko‘chada 200 dan ortiq xonadon bor, bundan tashqari shu ko‘chadan yuqoridagi ko‘chalarga ham boriladi, u yerlarda ham 50 ga yaqin xonadonlar istiqomat qiladi, – deydi 53-xonadonda istiqomat qiluvchi Uchqun Yodgorov.
– Ko‘chaning loy va changligi bizlarni 7 yildan beri qiynab keladi. Murojaat qilganmiz, yaqinda bu murojaatimizni o‘rgangani kelishdi va yo‘l masalasida bizga murojaat qilmanglar deb aytishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mahalla raisi 2019 yilda Qarshi tumani “Chaman” mahallaning Obod ko‘chasidagi ichki yo‘llar ta’mirlanishi va bu dasturga kiritilgani haqida fuqarolarga ma’lumot bergan.

– Dasturga kiritildi, oktyabr oyida shag‘al to‘kiladi, asosiy yo‘llar ta’mirlanadi degan edi mahalla raisi. Lekin mana fevral oyi keldi hech qanday qurilish qilingani yo‘q. Mahalla raisi bizni aldagan ekanda, qanday qilib qish kunida yo‘lni ta’mirlab bo‘ladi. Avvalroq yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunda shag‘al to‘kishni nega o‘ylab ko‘rishmagan? Biz ibtidoiy jamiyatda yashamaymizku. Hech kim kelib bu yerda qanday yashayapsizlar deb so‘ramaydi. Kambag‘alni ham shu yerdan topasiz, bir haftaga bir marta qozon qaynatolmaydigan ro‘zg‘orni ham shu yerdan topasiz. Gapim yolg‘on bo‘lsa, mutasaddilar kelsin, odamlar qanday yashayotgani bilan tanishsin,- deydi birinchi guruh nogironi Uchqun Yodgorovning ayoli Aziza Ro‘ziyeva.

Odamlarning so‘zlariga qaraganda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham qator muammolar bor. Tez yordam chaqirilsa ular qo‘pol muomalada bo‘lib, ko‘cha o‘zlariga tegishli hudud emasligini aytishadi.

– Kuni kecha qon bosimim ko‘tarilib ahvolim og‘irlashib qoldi,- deydi aholi vakillaridan biri Shaxnoza Boboqulova. Tez yordamni chaqirishga qo‘rqamiz, necha marta chaqirgan bo‘lsak, turli bahonalarni vaj qilib ko‘rsatadi. Ular bu ko‘chaga xizmat ko‘rsatishmasa, nega mahalla bizga shu tez yordam shaxobchasi xizmat ko‘rsatishini aytadi. Nega ularning telefon raqamlari berilgan?
Bundan tashqari bizda ichimlik suvi ham katta muammo. 70 ming so‘mdan suv sotib olib ichamiz. Suv tashuvchi mashinalar esa bunday loy ko‘chalarga kirmaydi, kirsa ham pulini qimmat oladi yoki loyga botib qoladi. Keyin hammamiz bir bo‘lib katta suv tashuvchi mashinani surib loydan chiqarishga majbur bo‘lamiz.

Chaman mahallasi faqatgina Obod ko‘chasidan iborat emas. Ko‘chaga boreverishda namunali uy-joylar ham qurilgan bo‘lib, afsuski ayrim uy-joylarga yaqin hududda umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilmagan. Tahminlarga ko‘ra, bolalar maktabga borish uchun 8 kilometrlik masofani bosib o‘tadi. Qarshi shahar 35- maktab esa Qarshi tumanidagi maktab o‘quvchilarining hammasini ham o‘qishga qabul qilavermaydi. Farzandini mazkur maktabga olib borgan ota-onalarga ko‘pincha bir xil javob “O‘zingizning tumaningizdagi maktabga olib boring” deb aytiladi.
Ammo chamanliklarga tumanga qarashli bo‘lgan maktabdan ko‘ra 35-maktab yaqinroq.

– Bolalarimiz maktabga borish uchun qishda juda qiynaladi. Ko‘chaga hech qanday yo‘lovchi tashuvchi taksilar kirmaydi. O‘qishga borish uchun katta yo‘lga chiqamiz. Taksilarga ishonib birinchi sinf o‘quvchilarimizni shahar markaziga yuboramiz. Qaytishlarini yurak hovuchlab kutib o‘ttiramiz, -deydi Obod ko‘chasi 75-uyda istiqomat qiluchi Ra’no To‘xtaxo‘jayeva.

-3 ta farzandim maktabga boradi, -deydi Obod ko‘chasi 60-uyda istiqomat qiluvchi Shohsanam Mustafayeva.
Ularni shahar marakazidagi maktabga qo‘yishga majbur bo‘lganmiz. Chunki bizga yaqin hududda maktab yo‘q. Endi yo‘limizni ahvolini qarang, bolalarimiz loyga botib qolayapti. Maktabga loy bo‘lib kirib borayapti.

-Viloyatimizga yangi hokim keldi deb sevindik,- deydi Ra’no To‘xtaxo‘jayeva. Endi bizning ham ko‘chamizga rahbarlar e’tibor qaratadi deb o‘ylagan edik. Lekin viloyat hokimi qo‘ygan talabni hamma rahbarlar ham anglagani yo‘q. Anglaganida edi, biz bilan kelib gaplashar edi. Odamlarni muammosiga quloq tutgan bo‘lardi. Zoyir Mirzayevga bu so‘zlarimiz yetib borishini, uning o‘zi kelib turmush-tarzimiz bilan qiziqishini istaymiz.

Haqiqatdan ham chamanliklar ibtidoiy jamiyatda yashayotgani yo‘q. Bugun har sohada rivojlanish, qishloqlarda obodlik ishlari, keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik amalga oshirilmoqda. Albatta hamma joyni birdan obod qilib bo‘lmaydi. Lekin mutasaddilar vaqt kerak ekan deb o‘tiraversa, shahar markaziga yaqin ko‘chada yashaydiganlar ham loyga botib yuraveradi.
Mahalla ahli bejizga viloyat hokimi tashrifini kutmayapti, balki shundan keyin biror o‘zgarish bo‘lar. Hamma gap maqolada muammosini aytgan odamlarning hasrati Zoyir Mirzayevga yetib borishida…
Kuzatamiz.

Manba: Nnews. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!