“Axborot”ni ko‘rsatishmayotgandi yoxud elektrni muhim yangiliklar vaqtida o‘chirishayotgani xususida

“Axborot”ni ko‘rsatishmayotgandi yoxud elektrni muhim yangiliklar vaqtida o‘chirishayotgani xususida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifining birinchi kunida To‘raqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan yirik issiqlik elektr stansiyasini borib ko‘rdi. Mazkur ob’ekt yaqin oylarda ishga tushgach, vodiyda elektr ta’minoti butunlay yaxshilanishi alohida ta’kidlandi.

Mamlakatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifidan oldin elektr energiyasi bilan bog‘liq manzara esa quyidagicha edi

Kechki soat 9.00 (21.00) da O‘zbekiston va O‘zbekiston24 telekanallari orqali Axborot informasion dasturini oilaviy bo‘lib ko‘rish odat tusiga aylangan.

To‘rt yarim yoshli o‘g‘lim ham bunga ko‘nikkan (uni Axborot ni tomosha qiladigan sanoqli kichkintoylar qatoridasan, ertaga bog‘cha opangga televizorda yangiliklarni, Prezidentni ko‘rganingni aytasan , keyin Bolajon dagi akalarga tayinlayman, zo‘r multfilm qo‘yib berishadi, deya qiziqtiraman), tizzamga o‘tirib olib, zangori ekran ga tikiladi. Turmush o‘rtog‘im ham shu vaqtda kanalni O‘zbekiston ga shay qilib turadi. Ota-onam esa bu paytda meni bezovta qilishmaydi. Ertalab yurt yangiliklarini dasturxon atrofida muhokama qilamiz...

Lirik chekinish sal cho‘zilib ketgandek... Ammo... ochig‘ini aytsam, shunday fayzli damlarni tobora qo‘msab boryapmiz. Bunga esa viloyat va tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari, to‘g‘rirog‘i, ularning faoliyatidagi beqarorlik aybdor. Aslida, salga noliyveradigan kasalim yo‘q. Lekin ikki oydan buyon roppa-rosa 21.00 da va ertalabki 8.00 da chiroq o‘chadi (25 fevralgacha).

Xullas, xuddi shu soatlarda, ya’ni Axborot boshlanishi bilan lampochka bopladimmi? deganday ko‘zini bir qisadi-yu, fonarga o‘rnini bo‘shatadi. Eh! deyman-da, elektrchilarning go‘riga g‘isht qalamayman. Fursatdan foydalanib, telefonimdagi o‘qishga ulgurmagan xabarlarni va sumkamdagi bir dasta gazetalarni o‘qishga tushaman. Ibratbekning ham poshsho ko‘ngliga qarash esdan chiqmaydi. U uchun onasi bilan birga uy sharoitidagi teatr tomoshasini uyushtiramiz. O‘zimizni aslo xafa qildirib qo‘ymaymiz. Mayli, Axborot ni ertalab ishga ketishdan oldin ko‘rarman, deyishimga uyimiz birdan yorug‘lashadi. Bolajon xursand, Axborot esa tugagan...

Tongda uyg‘oniboq tok borligini bilib, sal xotirjam bo‘laman. Yaxshi kayfiyatda nonushta qilib, yana televizorga termilaman. Ana, Axborot boshlandi. Iiii, undan uyog‘i, sezganingizdek, sizga ma’lum, chiroq lip etib, ataylab o‘chakishganday o‘chiriladi. Xullas, shunday qilib, kechagi kunning eng muhim xabarlarini kuzatolmadim. Shunga shunchalikmi, buning nimasi fojia?! deganlar e’tiboriga hali mulohazalarim bor.

Yanvar oyidan beri shu ahvol. Yo‘q, undan ham oldinroq ekan. Ochig‘i, bu haqda indamay yurgandim. 2018 yilning 28 dekabr sanasi. Kunduzgi soat 10.00. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llaydigan Murojaatnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatila boshlandi. Bir ozdan so‘ng svet yo‘qoldi, ekran va dil qorong‘ilashdi. Darrov viloyat elektr tarmoqlari korxonasining navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qildim. Dispetcherga Namangan tumanining Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘idan fuqaro sifatida murojaat etdim, jurnalistligimni ham qistirib o‘tdim. Asosiysi, bunday muhim pallada chiroqning o‘chirilishi umuman mumkin emasligini uqtirdim. Jon kuydirib aytganlarim zoye ketdi, tok kelishini anchagacha kutib o‘tirdim. Ora-orada o‘sha lar bilan bog‘landim, aloqa band.

Ishxonadagilarni ogohlantirgandim, ularning rejasi ham meniki bilan bir xil. Haftalik gazetamizni chiqarib bo‘lganmiz, bo‘shagandik. Kimdir ishxonada, yana biri kafeda, kamina esa uyda sharoit yaratgandik. Aniqrog‘i, Prezidentning tarixiy nutqini hamkasblar qulay joyda qarshi olishga kelishgandik. Muharririmiz esa Namangan shahar hokimligining onlayn video studiyasida, ularda tok uzilarmidi?!

Siz Mazkur Murojaatnoma bilan onlayn tarzda internetda, keyinroq esa matbuotda tanishishingiz mumkin-ku? deya aytishingiz rost. Ammo jurnalist sifatida o‘z vaqtida bu ma’ruzani diqqat bilan eshitishimiz, qayd daftarimizga yozib olishimiz shart. Men esa chiroqning aniq o‘chmasligiga ishongandim-da. Boshqalardan bilsam, qo‘shni tumanlarda ham shu vaqt oralig‘ida elektr simlari toksiz rejimda bo‘lgan.

Xo‘p, bu Murojaatnoma matnini kechroq batafsil o‘qib chiqdim ham, deylik. Gazeta o‘qimaydigan aksariyat oddiy xalq-chi, agar o‘shanda chiroq o‘chmaganida ular ham bunday dolzarb chiqishlarni tomosha qilisharmidi, bir-birlarini ruhlantirisharmidi... Prezident so‘zlari, ulkan islohotlar faqat hokimiyatda ishlovchi va ma’lum rahbarlarga tegishli emas-ku, axir katta maqsad xalq farovonligiga qaratilgan, odamlar buni bilishi darkor-ku?!

Axborot informasion dasturi ijodkorlari ham shunday niyat bilan ko‘rsatuvni tayyorlashadi. Bo‘pti, turli bemaza turk seriallari qo‘yilayotganida svet ni uzishsin o‘sha baraka topkurlar, bu ish ko‘pchilikka ma’qul tushardi.

Ta’kidlamoqchimanki, chiroqni qachon o‘chirish yoki o‘chirmaslik bo‘yicha elektr ta’minotidagi mutaxassislarni bir o‘qitvorish kerak, shekilli. Ularning siyosiy savodxonligini oshirish yuzasidan teledasturlardan xabardor qilishga, Axborot ko‘rishga undash zarurga o‘xshaydi!..

Orifjon Jo‘rayev, jurnalist.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!