Axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish daromadni qanchaga oshiradi?

Axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish daromadni qanchaga oshiradi?

So‘nggi bir necha o‘n yillik davomida butun dunyoda AKT xizmatlari jadal sur’atlar bilan o‘sdi. 2020 yilda global AKT xarajatlari taxminan 4,9 trillion AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga borib bu ko‘rsatkich 5,8 trillion dollargacha oshishi kutilmoqda. .

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari axborot-kommunikasiya texnologiyalari (AKT) O‘zbekistonda aholi real daromadlarining o‘sishiga qanday hissa qo‘shayotganini hisoblab chiqdi. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining hududlar bo‘yicha 2015-2020 yillardagi (84 ta kuzatuv) statistik ma’lumotlariga asoslangan ekonometrik modellardan foydalanildi.

Tadqiqot chog‘ida optik tolali aloqa liniyalari uzunligining 100 kilometrga ortishi aholi real daromadlarining 1,43 foizga o‘sishida yordam berishi aniqlandi. Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punkti (ikki foiz orasidagi farq)ga ko‘payishi esa aholi real daromadlarining 0,9 foizga oshishiga olib keladi.

AKT real daromadlarning o‘sishiga bir necha yo‘llar orqali ijobiy ta’sir ko‘rsatadi: masalan, ta’lim tizimiga onlayn darslar va kurslarni joriy etish orqali, moliya tashkilotlari faoliyatining kengayiishi, ishsizlikning qisqarishiga yangi kasblar va ish o‘rinlari (jumladan onlayn-makonda) tashkil etilishi orqali ta’sir qiladi.

Dunyo mamlakatlarida koronavirusning tarqalishi va karantin cheklovlarining joriy etilishi aholining masofadan ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Shunday qilib, pandemiya sharoitida yangi ro‘yxatga olinganlar soni uch baravar ko‘paydi. Natijada bu ko‘rsatkich 2020 yilda 71 millionga, 2021 yilda esa 92 millionga yetdi.

Raqamli moliyaviy xizmatlardan (RMX) foydalanish xarajatlarini kamaytirish, tranzaksiyalarning tezligi, xavfsizligi va shaffofligini oshirish, shuningdek, aholi uchun qulaylikni oshirish imkonini beradi. Bugungi kunga qadar dunyoning 90 ta mamlakatida 850 milliondan ortiq raqamli akkaunt ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular orqali har kuni 1,3 milliard dollarlik tranzaksiyalar amalga oshirilmoqda .

O‘zbekistonda yaqin yillarda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun taxminan 2,5 milliard dollarga yaqin mablag‘ni jalb etish rejalashtirilmoqda. Toshkent, Buxoro va Qo‘qon kabi shaharlarda uchta yirik yangi data-markazlarni ishga tushirish, shuningdek, stasionar telekommunikasiya tarmog‘ini yanada kengaytirish va mobil aloqa tarmog‘ini modernizasiya qilish rejalashtirilgan. Natijada xonadonlar har bir aholi punktida kamida 10 Mbit/s tezlikda internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!