O‘zbekiston rasmiysi AES qurilishi bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston rasmiysi AES qurilishi bo‘yicha bayonot berdi

Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari, mart oyi oxirida «O‘zatom»ga direktor etib tayinlangan Azim Axmedxadjayev «Gazeta.uz» muxbirining O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar qaysi bosqichda ekani haqidagi savoliga javob berdi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

So‘nggi bor bu mavzuda mart oyi so‘ngida Rossiyaning «Rosatom» davlat korporasiyasi bosh direktorining birinchi o‘ribosari Kirill Komarov gapirgandi va AES qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar «ancha muvaffaqiyatli» kechayotganini ta’kidlagandi.

Korporasiya rasmiysi mutaxassislar allaqachon AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonni batafsil o‘rganib chiqqani va eng maqbul texnologik yechimlarni aniqlaganini aytgan. Komarov «Rosatom» istalgan vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishishga tayyorligini qo‘shimcha qilgandi.

«Gazeta.uz» muxbiri Rossiya rasmiylari loyihaga kirishishga tayyorligi haqida bayonotlar berayotgani haqida eslatdi.

«Biz hozir faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti, hech narsaning anig‘i yo‘q. Rossiya tomoni ham sal umumiyroq aytmoqda, lekin buni qandaydir qo‘shimcha qo‘shib, boshqa hikoyaga olib chiqishyapti. Lekin, umuman olganda, hozir hech narsa yo‘q. Faqat umumiy gap. Ular bilan faqat qaysi yo‘nalishlarda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz», — dedi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar faqat energetika yo‘nalishi bo‘yicha gaplashmayapti.

«Chunki atom faqat energetika emas. Medisina ham bor, qishloq xo‘jaligi ham bor, suv tozalash ham bor va hokazo. Hozir shu kabi boshqa yo‘nalishlarni o‘rganib chiqyapmiz. Shundan keyin qaysi soha bizga yaqinroq ekani va qaysi sohani birinchi bo‘lib rivojlantirishimiz kerakligini aniq tushunamiz», — deya ta’kidladi «O‘zatom» direktori.

Azim Axmedxadjayev, shuningdek, atom energiyasi bo‘yicha boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borilmayotganini aytdi.

«Hech qaysi davlat bilan aniq muzokaralar bo‘layotgani yo‘q. Boshqa davlatlardan har xil takliflar kelib tushmoqda. Masalan, Amerikadan yoki Koreyadan. Har xil takliflar bor, ularni ish tartibida ko‘rib chiqamiz», — dedi Axmedxadjayev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!