AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishiga Germaniya nega norozi bo‘lmoqda?

AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishiga Germaniya nega norozi bo‘lmoqda?

Germaniya hukumati Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi mamlakatdagi barqarorlikni shubha ostiga qo‘yishidan xavotirda. Germaniya Tashqi Ishlar vaziri Xayko Maas Hindikushda erishilgan yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymaslik kerak, deya ta’kidlagan.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakilining Reyter agentligiga aytishicha, Berlin Vashington bilan ushbu mavzu bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Germaniya Mudofaa vazirligi vakili, AQSh o‘z qo‘shinlarini qancha miqdorini Afg‘onistondan olib chiqishi va "ular umuman olib chiqiladimi-yo‘qligini" kutish kerak, deydi. Shu bilan birga, agar amerikaliklar haqiqatan ham Afg‘onistonda atigi 2500 askarni qoldirsa, unda bundesver bu mamlakatda o‘z vazifasini bajara olmasligini eslatib o‘tgan.

Ayni paytda, Amerika qo‘shinlari bu mamlakatdan chiqib ketganidan keyin ham NATO Afg‘onistondagi missiyasini davom ettiraveradi, deb ishontirgan.

NATO vakili Oana Lungesku 18 noyabr kuni Bryusselda "NATO Afg‘onistondagi harbiy kuchlari soni yanada kamaygan taqdirda ham afg‘on xavfsizlik kuchlarini tayyorlash, maslahat berish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z missiyasini davom ettiradi", deya ta’kidlagan.

Qo‘shma Shtatlar 17 noyabr kuni, Afg‘onistondagi qo‘shinlari sonini 15 yanvarga qadar 4500 dan 2500 nafargacha qisqartirishini e’lon qilgan. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa Afg‘onistondan shoshilinch yoki kelishilmagan holda chiqib ketish juda qimmatga tushishi mumkin, deya ogohlantirgan.

Yaqin Sharqda xizmat qilayotgan minglab AQSh askarlari ham Prezident Donald Tramp Afg‘onistondan 2000 ga yaqin, Iroqdan 500 nafar askar va zobitni olib chiqib ketishga buyruq berganidan keyin uyga qaytadi. Askarlarning chiqarilishi 2021 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadigan Jo Baydenning inaugurasiyasiga qadar yakunlanishi kerak. AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller  Pentagonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 15 yanvarda Iroqda ham, Afg‘onistonda ham Amerika qo‘shinlari soni 2500 kishidan oshmasligini aytgan. Harbiylar sonining qisqarishi terrorizmga qarshi global urushda "AQSh siyosati yoki maqsadlarining o‘zgarishini bildirmaydi" hamda bu harakatda AQSh harbiylari, diplomatlar, razvedka xodimlari va ittifoqchilarini himoya qilish ko‘zda tutilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!