14 asrdan buyon o‘zgarmagan jasad

14 asrdan buyon o‘zgarmagan jasad

Hamza roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari, emikdosh inilari, Quraysh qabilasining pahlavonlaridan biri bo‘lib, laqablari Shahidlar sayyidi , Allohning va Rasulining arsloni dir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganining ikkinchi yili Islomga kirganlar. Islomga kirganlaridan keyin dushmanlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va musmulmonlarga ozor yetkazishni kamaytirganlar.

U zot ham Madinaga hijrat qilganlar, Badrda qatnashganlar va Uhudda Vahshiy ibn Harb tomonidan shahid etilganlar. Vahshiy u kishining burun va quloqlarini kesgan. Ba’zi rivoyatlarda Hind bint Utba qorinlarini yordirib, jigarlarini olib, chaynashga uringan, ammo chaynay olmay, tashlab yuborgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam amakilarining bu ahvolini ko‘rib mahzun bo‘lganlar.

Bir necha yillar oldin Uhud tog‘i etagidagi shahidlar qabristoniga sel kelib, ba’zi qabrlarni yuvib ketadi. Ana shu qabrlar ichida Hamza roziyallohu anhuning ham qabrlari bor edi. Hukumatning kelishuvi va maslahati bilan shahidlarning jasadlari boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilinadi. Bu ishni amalga oshirish chog‘ida ko‘plab ulamolar taklif etiladi.

Hamza roziyallohu anhuning maborak jasadlarini ko‘chirishda qatnashgan ulamolardan biri Shayx Mahmud Savvof bo‘lib, u kishi Hamza roziyallohu anhuning jasadlari 1400 yildan beri bus-butun holda turganini, hatto qo‘llarini qimirlatilganda, undan qon sizib chiqqanini aytib berganlar. Subhanalloh.

Doktor Toriq Suvaydan o‘zining Nihoya qissasi nomli silsila ko‘rsatuvlarida ba’zi ulamolarning Uhudda shahid bo‘lgan sahobalardan bir nechalarining jasadlarini qaytadan dafn etishda ishtirok etishganini, oradan 1400 yil muddat o‘tgandan keyin sahobai kiromlarning jasadlari qanday holatda ekanini, mazkur jasadlar o‘shandan beri o‘zgarmay, chirimay, buzilmay turganini Shayx Mahmud Savvofdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hikoya qilgan.

Toriq Suvaydan shunday deydi: Bizga Shayx Mahmud Savvof rahimahullohning aytib berishicha, Uhudda shahid bo‘lgan sahobalarning qabrlarini ko‘chirish va ularni qaytadan dafn etish maqsadida chaqirilgan ulamolar orasida u kishi ham bor bo‘lib, aynan Hamza roziyallohu anhuni dafn etganlardan biri bo‘lgan ekanlar. Aytishlaricha, Hamza roziyallohu anhuning jasadlari katta, burunlari, ikki quloqlari kesilgan va qorinlari yorilgan, qo‘llari qorin ustiga qo‘yilgan holda ekanlar.

Shayx Mahmud Savvof so‘zlarini shunday davom ettirganlar: Biz u zotning jasadlarini va qo‘llarini qimirlatganimizda, qon oqib chiqdi. U kishini boshqa shahidlar bilan birga dafn etdik .

Doktor Toriq Suvaydan yuqoridagi gaplarga shunday qo‘shimcha qiladi: Bu sobit, aniq va ko‘z bilan ko‘rilgan ishdir. Shayxning aytishicha, Hamza roziyallohu anhuning badanlaridan qon oqqanda, miskning xushbo‘y ifori taralgan ekan.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!