Xotinini o‘ldirib, so‘ngra jasadini kul uyumiga ko‘mgan dehqonobodlik erkak qo‘lga olindi

Xotinini o‘ldirib, so‘ngra jasadini kul uyumiga ko‘mgan dehqonobodlik erkak qo‘lga olindi

10 oktyabrdan 11 oktyabrga o‘tar kechasi soat 01:30 da dehqonobodlik Q.F. ismli shaxs shar’iy nikohidagi ayoli M.A.ni avval bo‘g‘ib, so‘ngra g‘isht bo‘lagi bilan urib o‘ldiradi. Bu haqda Dehqonobod hokimligi axborot xizmati «Daryo»ga ma’lum qildi.

Hokimlik axborot xizmatining tuman prokuraturasiga tayanib, ma’lum qilishicha, Q.F. marhuma M.A. bilan 2013 yildan beri shar’iy nikoh asosida yashab kelgan. Marhuma turmush o‘rtog‘iga muntazam ravishda «menga sening keraging yo‘q, sendan zo‘rini topib turmushga chiqaman» deya aytgan gaplari ta’sir qilgan va shu sababdan ham ayolini o‘ldirish rejasini tuzgan.

Erkak ayolini qasddan o‘ldirish maqsadida hovlisida bo‘lgan g‘isht bo‘lagini yotoqxonasidagi yostig‘i tagiga yashirib qo‘yib, ayolining uxlab qolishini kutgan. So‘ngra, ikkala qo‘llari bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib, oldindan o‘ldirish maqsadida foydalanish uchun tayyorlab qo‘ygan g‘isht bilan boshining chap tomon qismiga 2—3 marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. O‘lganligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng, uning jasadini yashirish maqsadida xonadonidan 100 metr uzoqlikdagi kul uyumiga ko‘mgan va hodisa joyidan yashiringan.

Viloyat sud-tibbiy ekspertizasining 11 oktyabrdagi ma’lumotnomasida marhumaning o‘limiga bosh miyaning ochiq shikastlanishi, bosh yumshoq to‘qimalari ostiga qon quyilishi, kallaning gumbaz va asos suyaklarini maydalanib sinishi, yuqori va pastki jag‘ suyaklarini ochiq sinishi, bosh miyaning ochiq shikastlanishi bosh miya travmasidan keyingi jarohati sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Qotillikda gumonlangan er Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida (Qasddan odam o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etgani uchun qamoqqa olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!