Xalqaro Jeneva avtosalon ko‘rgazmasi bir yilga qoldirildi

A A A
Xalqaro Jeneva avtosalon ko‘rgazmasi bir yilga qoldirildi

2022 yilda Jeneva (Shvesariya)da bo‘lib o‘tadigan Xalqaro avtosalon ko‘rgazmasi 2023 yilga qoldirildi. Bu haqda “Uzauto Motors” AJ ko‘rgazma tashkilotchilarining shu xususdagi xabarlari asosida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, tadbir tashkilotchilari bu haqda rasmiy sayt orqali ma’lum qilib, ushbu qaror sabablarini keltirib o‘tishgan. Bayonotda aytilishicha, “COVID-19” pandemiyasi bilan bog‘liq muammolarning butun avtomobilsozlik sanoatiga ko‘rsatgan ta’siri sababli Xalqaro avtosalon ko‘rgazmasining doimiy komiteti 2023 yilga ko‘chirishga majbur bo‘lishdi”.

Tashkilotchilar tadbir bekor qilinishining asosiy sababi sifatida pandemiyani ko‘rsatishmoqda. Bir tomondan, koronavirus sababli mamlakatlar o‘rtasida aloqalar qiyinlashdi. Boshqa tomondan esa pandemiya tufayli yuzaga kelgan uzilishlar yarimo‘tkazgich va chiplar yetishmovchiligini yuzaga keltirdi. Ko‘rgazma tashkilotchilari avtomobil ishlab chiqaruvchilar aynan mana shu muammoni birinchi navbatda hal qilishi kerak, deb hisoblashadi.

“Pandemiya holatining nazoratga olinmaganligi Xalqaro Jeneva avtosalon kabi keng miqyosli ko‘rgazmani xavfga qo‘ydi. Ammo biz bu qarorni qoldirish bilan emas, kechiktirish bilan ko‘rib chiqamiz”, — deydi avtosalon doimiy komiteti prezidenti Moris Turrettini.

Ma’lumot o‘rnida, 1905 yilda birinchi Jeneva avtosalon ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan. 1923 yildan beri har yili o‘tkaziladi (1940 — 1946 yillar bundan mustasno). 2019 yil 7 — 17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan 89-Jeneva xalqaro avtomobil ko‘rgazmasi hozirda eng oxirgi bo‘lib turibdi. 2020 yildan boshlab pandemiya tufayli ko‘rgazma bekor qilingan.

Xalqaro Jeneva avtosalon ko‘rgazmasi — har yili o‘tkaziladigan Yevropa A klassiga mansub yagona ko‘rgazma bo‘lib, jahonning yetakchi avtomobil brendlari yangi avtomobil taqdimotini o‘tkazadigan asosiy maydonlardan biridir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!