Vazirlar Mahkamasining sobiq xodimini himoya qilayotgan jurnalist haqmi?

Vazirlar Mahkamasining sobiq xodimini himoya qilayotgan jurnalist haqmi?

Esingizda bo‘lsa, bundan 3-4 kun oldin, Vazirlar Mahkamasining bir xodimi ish bilan kelgan fuqaroni "Dolbo...b", "Terpila" deb xaqorat qilgan, "Xohlasang shu, men sening ishingni hal qilish uchun o‘tirganim yo‘q bu yerda" degan gaplarni qilib, qo‘pol muomalada bo‘lgani aks etgan video tarqalgan edi. 

Mazkur masala yuzasidan fuqaro bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan xodim ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasi xodimi xizmat vazifasiga nomuvofiq, deb topilib egallab turgan lavozimidan ozod qilingani xaqida Vazirlar Mahkamasi bayonot bergan edi. Bugun esa ana shu holat bo‘yicha "Qalampir.uz"da jurnalist Muhayyo Saidovaning "Tumov uchun burun kesilmaydi yoxud Vazirlar Mahkamasi "qo‘pol" xodimidan nega voz kechdi?" nomli maqolasi chop etildi. Bu maqolada jurnalist Vazirlar Mahkamasining "qo‘pol" xodimini himoya qilgan. Buni qarangki, "Qo‘shni mahalla" telegram kanalida ana shu maqolaga javob maqola chiqdi. E’tiboringizga ana shu maqolani havola etamiz

"Maqolani o‘qir ekanman, o‘sha ishdan haydalgan xodim ko‘z oldimda boshida nurli halqachasi bilan gavdalanadi. Ko‘zlarimga yosh kelib, afsus-nadomatlar chekib, xuddi suv minorasidan sakragan Raisbuvaga achinib yig‘lagan Bozorboy kabi holatga tushdim.

Hurmatli Muhayo Saidova, siz katak tashlamay yozgan 3 varoq maqola shunchaki suv. Agar o‘sha xodimning xalq vakiliga nisbatan qilgan ishi stakandagi qatiq bo‘lsa, siz topib kelgan "argument" va boshqa xodimlarning uning oldin xushmuomala va odobli bo‘lganini aytgan gaplari qatiq idishining yuqi, xolos. Siz maqolada xodimning faqat "Terpila" degan so‘zni aytganini keltiribsiz, "Dolbo...b" deganini eshitmaganmisiz yoki birov qayta ko‘rmaydi deb yozdingizmi? Bunday mansabdor shaxsni oqlab chiqish uchun topgan jur’atingizga qoyil qolmasdan ilojim yo‘q. Agar men o‘sha videoni o‘zim ko‘rmagan bo‘lganimda ham sizning maqolangizga srazu javob yozmagan bo‘lar edim. 

O‘sha maqoladan: " “Terpila” huquqni himoya qilish tizimlarida ko‘p qo‘llaniladigan “poterpevshiy” – jabrlanuvchi, so‘zining qisqartmasi. Bu so‘z poytaxt hamda boshqa viloyatlar shevasidagi jargon va bu so‘zning biroz haqoratomuz ohangda ishlatilishini hisobga olmaganda hech qanday aks ma’noga ega emas. “Terpila” o‘zini jabrdiyda deb bilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi."

Yana jurnalist Vazirlar Mahkamasi sobiq xodimini kimningdir o‘g‘li, ehtimol, qaysidir qorako‘z bolajonning otasi ekanligini gapiryaptilar, u endi qayerga boradi, nima ish qiladi, degan savol qo‘yganlar. Bu narsani o‘sha odam boshqa birovning bolasi va otasini "Dolbo...b" deb haqorat qilayotganida o‘ylashi kerak edi.

Ha, aytgancha, "jalab" so‘zi ham biroz haqoratomuz ohangda ishlatilishini hisobga olmaganda hech qanday aks ma’noga ega emas. Arab tilida "Jalb qiluvchi", "Chiroyli" degan ma’nolarni anglatadi, xolos. Raund!" deb maqolani tugatgan muallif.

Bu borada bizning o‘z fikrlarimiz bor. Ya’ni Davlatimiz rahbari vazirlar, hokimlar, umuman, amaldorlarga asosiy vazifa xalq manfaatlarini himoya qilish, xalqning muammolarini hal qilish ekanligini uqtirayotgan bir paytda fuqaroning mas’ul xodimdan muammosini hal qilib berishni talab qilishga haqi bor. Aytgancha, fuqaro xodimga “Sen mening ishimni hal qilib berish uchun o‘tiribsan. Nima uchun maosh olyapsan bo‘lmasa?! Sendaqalarni deb qonun ishlamayapti”, demagan, aniqrog‘i, sensiramagan, sizlab gapirgan. Bu yerda fuqaroning shaxsini yomonroq ko‘rsatish uchun "siz" "sen"ga aylantirilganga o‘xshab qolgan.

Bundan tashqari, "terpila" so‘zi "jabrdiyda" ma’nosini berishi aytilgan jurnalist opaning maqolasida. Bu to‘g‘ri. Ammo Vazirlar Mahkamasining sobiq xodimi bu so‘zni qanday ma’noda qo‘llagan? "Bor "terpila"ligingni qilaver": xo‘sh, bu jumlada "terpila"ning o‘rniga "jabrdiyda"ni qo‘yib ko‘raylik, "Bor, jabrdiydaligingni qilaver". Yopishmayapti, to‘g‘rimi? Chunki quyidagi variant haqiqatga yaqin bu o‘rinda: "Bor, chaqimchiligingni qilaver". Xo‘sh, bu haqoratmi? Ha, albatta.

To‘g‘ri, videoda fuqaroning ham madaniyat chiziqlaridan chetga chiqqani ko‘rinib turibdi. Ammo rahbar inson har doim xush muomalada bo‘lishga majbur. U ana shu xush muomalasi, fuqarolarning arz-dodini tinglab, muammolarini hal qilishga hissa qo‘shayotgani uchun maosh oladi. Shuning uchun imtiyozlarga ega, shuning uchun obro‘ga ega.

Yana bir gap, videoda fuqaroga "Oyligimni hisoblash sangamas", "Sani ishingni hal qilish uchun o‘tirganim yo‘q", deya po‘pisa qilgan xodim undan ko‘ra yaxshiroq muomalada bo‘lib, aytaylik, "Nima istaysiz, maqsadingiz nima, qanday yordam berishimni xohlaysiz", deb, yoki fuqaro juda xiralik qilayotgan bo‘lsa ham "Sizga aytdim-ku, shunday-shunday", deb tushuntirsa, olam guliston edi. Hatto fuqaro uni qo‘pollashishga majburlagan taqdirda ham qo‘pollashmasa, muvozanatni yo‘qotmasa, bu uning yutug‘i bo‘lardi. Shunda bunday video chiqmasdi, rahbar ham ishdan bo‘shamasdi.

P/s. Biz fuqaroni to‘liq oqlash yoki sobiq xodimni to‘liq qoralash fikridan yiroqmiz. Shunchaki bu holatda har kimning o‘ziga yarasha aybi borligini, jurnalist opadan farqli ravishda, fuqaro nohaq emasligini, o‘z o‘rnida sobiq xodimning ham to‘liq haq emasligini ta’kidlamoqchimiz. Vaziyatga real yondashib, fikrimizni bildirdik. Xulosa o‘zingizdan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!