O‘zbekistonda tilanchilar soni ortgani qayd etildi

O‘zbekistonda tilanchilar soni ortgani qayd etildi

 

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Ichki ishlar vazirligiga mamlakatning barcha hududlarida, xususan, Toshkentdagi avtomobil yo‘llarida va chorrahalarida tilanchilik qiluvchi shaxslar soni ko‘payib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi so‘rab yuborilgan murojaat ko‘rib chiqildi.

Senatorlar so‘nggi paytlarda aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘plab uchrayotganini qayd etgan.

«Bu o‘z navbatida, tilanchi shaxslar tomonidan fuqarolarning yurishiga qo‘ymay, avtomobil yo‘llarida esa transport vositalari harakatlanishiga xavf tug‘dirib qat’iy turib sadaqa so‘rashi kishining ta’bini xira qilishi tabiiy. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda», — deyiladi Senat xabarida.

Qonunchilikda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normaning hayotda qat’iy ishlamayotgani bunday shaxslarning kundan kun ko‘payib borishiga sabab bo‘lishi ta’kidlangan.

IIVning bildirishicha, patrul-post, yo‘l patrul xizmati hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda avtomobil yo‘llarida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan tegishli topshiriqlar asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yanvar va fevral oyining 20 kunlik davrida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 131 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 8 million so‘mga yaqin jarima, bir kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!