Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

 Кирилча  
logo

O‘zbekistonda «Plakvenil»ning foydasiz ekanligini aytgan «Tez yordam» ko‘rsatuvi ekspertiga tahdid qilingani aytildi (video)

O‘zbekistonda «Plakvenil»ning foydasiz ekanligini aytgan «Tez yordam» ko‘rsatuvi ekspertiga tahdid qilingani aytildi (video)

«Milliy TV» telekanalidagi «Tez yordam» ko‘rsatuvida ishtirok etgan Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Yodgorova Klara Tohirovna Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan zararli deb topilgan «Plakvenil» dori vositasini davolash protokollardan chiqarib tashlash haqida gapirgach, unga nisbatan tahdidlar bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu haqda "Daryo" yozmoqda.

 

Ko‘rsatuvda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ta’sis kengashi raisi Komil Allamjonov «Plaknevil» protokolga qayta kiritilishi mumkinligi haqida bergan savolga Klara Yodgorova Turkiya davlatining tibbiyoti O‘zbekiston uchun namuna emasligi, JSST a’zosi sifatida eng yaxshi klinik qo‘llanmalardan foydalanish lozimligini ta’kidlab javob qaytardi.

«Allamjonov bu borada sizga tahdidlar bo‘lgani rostmi», – deya bergan savolga Innovasion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i hayajon bilan yelka qisib, «Bilmayman» degan.

Boshlovchining «Sizga nima deyishdi o‘zi?», deya qayta bergan murojaatiga esa «Ehtiyot bo‘ling, opajon, deyishdi!», deb javob bergan.

Yodgorova Komil Allamjonovning «Notanish qo‘ng‘iroq bo‘lib, notanish odam sizga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildimi?» qabilidagi savoliga bosh silkib, «Ha» degan mazmunda javob qaytargan.

Blogerlar, jumladan, Bakiroo kanalida fikr-mulohazalarini bildirib boradigan iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur videodagi gap-so‘zlarni Alisher Shodmonovning «Qalampir.uz» nashriga bergan intervyusida muxbirga qarata «Siz, farmasevtmisiz?» deb javob qilgani hamda dorilar bemorlarning holatiga qarab qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa va ijobiy samara bersa, protokolga qayta kiritilishi mumkinligini aytib o‘tganiga e’tibor qaratgan.

Videoni birinchilardan bo‘lib Telegram’ga yuklagan YouTube’dagi «Ular» loyihasi muallifi Laziz Hamidov quyidagicha post qoldirgan.

 

Juda g‘alati, «Tez yordam» dasturida tibbiyot fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Yodgorova Klara Tohirovna bilan suhbat ketyapti.

Quyidagi ikki qismga e’tibor bering, unda umumiy qo‘llanish protokoliga umuman foydasi yo‘q va butun dunyo standartidan olib tashlangan dorilar majburan kiritilayotgani, agar Klara opa qandaydir majburiyatlarga bo‘ysunmasa, unga tahdid qo‘ng‘iroqlari bo‘layotgani haqida gap ketyapti. Qanchalar kuchli manfaatlar yotganini o‘zingizga tasavvur qilyapsizmi?

Telegram’dagi Hamidov kanali

«Tez yordam» ko‘rsatuvining avvalgi sonlaridan birida savdo nomi «Plakvenil» bo‘lgan gidroksixloroxin preparatining koronavirus infeksiyasini davolashdagi zararli oqibatlari haqida ma’lumot berilgan. Klara Yodgorova O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari — Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo‘llanmasiga rioya qilgan holda ish ko‘rishi shartligini eslatgandi.

«Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda mavjud dori vositalari, xususan, xloroxin, gidroksixloroxin, azitromisin kabilarni birinchi bo‘lib Xitoyda qo‘llash boshlandi. Keyinchalik ular Yevropa davlatlarida ham qo‘llanila boshlandi.

Mart oyida JSST ushbu preparatlarning samaradorligi bo‘yicha dalillar olish uchun Xalqaro hamdo‘stlik tadqiqotini boshladi. 96 ming koronavirus bemorlarining ma’lumotlari jamlanib, AQShning Garvard va Shveysariyaning Syurix universiteti olimlariga taqdim qilindi.

O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligini, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqladi. Mazkur preparatlardan foydalanish dastlab Fransiyada to‘xtatildi, Germaniya millionlab dorilarni ishlab chiqaruvchilarga qaytarib berdi, AQSh olimlari ham bu doriga o‘z e’tirozini bildirdi. Mazkur tadqiqot natijasi tibbiyot olamida nufuzli bo‘lgan The Lancet jurnalida ham chop etilgan.

Shularni hisobga olgan holda JSST 27 may kuni yangi vaqtinchalik qo‘llanma chiqarib, barcha davlatlarga o‘z davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

Milliy palata ekspertlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi birgalikda 30 iyun kuni COVID-19’ni yengil shaklda o‘tkazib, uyda davolanayotganlar va og‘ir formada stasionarda davolanayotganlar uchun ikkita qo‘llanma ishlab chiqdi. Ulardagi ma’lumotlar 13 iyul kuni sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan va chop etilgan. Gidroksixloroxin mazkur qo‘llanmalardan ham olib tashlangan», — degan edi Yodgorova.

19 iyulda Respublika maxsus komissiyasi a’zosi, professor Feruza Hamroboyeva JSST samarasiz deb topgan gidroksixloroxin preparati O‘zbekistonda nega qo‘llanilayotganiga izoh bergan va koronavirusga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishgan Xitoy bilan vebinarlar o‘tkazilayotgani, klinik protokol bir umrlik hujjat emasligi, u doim qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi.

Keyinchalik Hamroboyevaning o‘zi «Tez yordam» ko‘rsatuvida 13 iyulda dori davolash protokolidan olib tashlangani, rasmiy protokol ko‘rib chiqilgani va bepul tarqatiluvchi to‘rttalik dori-darmon guruhi ichidagi gidroksixloroxin davolash protokolidan chiqarilganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, gidroksixlorin — bezgak va revmatologik kasalliklarga qarshi preparat. U xinin (xloroxin) moddasining sintetik analogi asosida tayyorlanadi. Tibbiyotda undan 1955 yildan buyon foydalaniladi.

16 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga «Gidroksixloroxin», «Azitromisin», «Parasetamol», «C Vitamin» kabi dori-darmonlar kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!