«Ular aloqaga chiqishdi». Skripalni zaharlashda gumonlanayotganlar yaqin soatlarda TV orqali ko‘rinish berishadi

«Ular aloqaga chiqishdi». Skripalni zaharlashda gumonlanayotganlar yaqin soatlarda TV orqali ko‘rinish berishadi

Britaniya polisiyasi tomonidan Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq vakili Sergey Skripalni zaharlashda gumondorlar sifatida e’lon qilgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov tez orada Rossiya televideniyesida chiqishadi. Bu haqda Russia Today telekanali rahbari Margarita Simonyan o‘zining tvitterdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Siz kecha kechki paytda nima qildingiz, bilmayman, lekin men oqshomni Petrov va Boshirov bilan o‘tkazdim. Hazillashmayapman. Kaming sun (Inglizcha coming soon - tez orada)»,- deb yozdi Simonyan xonim bu boradagi ilk postida. Keyinchalik Simonyan bu borada ingliz tilidagi post qoldirdi.

RT telekanali rahbari bu borada yana bir nechta tvit yozdi: «Bu xabar chiqqanidan keyin hamkasblarim menga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilishni boshlashdi. Telefonim portlab ketay demoqda. Men ularga shu yerda javob bermoqchiman.

1-savol. Ularni qanday topdingiz?

Men ularni izlamadim. To‘g‘rirog‘i, telekanalimiz xodimlari hamma kabi izlashdi, lekin men shaxsan izlaganim yo‘q. Xodimlarim ikkita odamni topib ham kelishdi, lekin ular boshqa odamlar bo‘lib chiqishdi.

Keyin ularning o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Mobil telefonimga. Ishonavering, mening raqamimni hamma biladi. Hattoki 8-martda gul tarqatadigan kuryerlar ham.

2-savol. Nega aynan menga intervyu berishdi?

Ular boshqalarga intervyu berishni xohlashmagan. Hattoki bizning boshqa jurnalistlarga ham. Ularning aytishicha, meni tanishadi va ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib borishadi.
Intervyu rus tilida olindi. Hozir uni ingliz va boshqa tillarga tarjima qilishmoqda»,- deb yozgan Margarita Simonyan.

Ta’kidlash joizki, Russia Today telekanali Rossiya hukumatiga yaqin manba hisoblanadi.

RF prezidenti Vladimir Putin 12 sentyabr kuni xalqaro iqtisodiy forumda Skripalni zaharlashda gumonlanayotganlar haqidagi savolga  javob berar ekan, ulardan OAVga murojaat qilishni so‘ragan va shu bilan muammo hal bo‘lishini aytgandi. Buni qarangki, razvedkachilar deb atalayotgan Petrov va Boshirov bir kun ham kuttirmay OAVga murojaat qilishdi va aynan RT telekanaliga. Bu intervyu voqealar rivojini tezlashtirib yuborishi kutilmoqda.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!