Tashkent City qurilishida eng baland kranni toshkentlik qiz boshqarmoqda (video)

Tashkent City qurilishida eng baland kranni toshkentlik qiz boshqarmoqda (video)

Toshkentlik Nargiza Arslanova 3 oydan buyon Tashkent City biznes markazini bunyod etish ishlarida qatnashmoqda. Qurilishdagi eng baland kranni boshqarayotgan qiz, qiyinchiliklarga qaramay, vijdonan mehnat qilayotganini hamkasblarining u haqda bildirgan fikrlaridan bilib olish mumkin.

Nargizaning aytishicha, bu ishda salomatlik muhim o‘rin egallaydi: qon bosimi joyida, ko‘z nurlari o‘tkir bo‘lishi va balandlikdan qo‘rqmaslik talab etiladi. U kranni 125 metr balandlikdan turib boshqarishini hisobga olib, salomatlik borasida ayni haqiqatni aytayotganiga ishonch hosil qilish mumkin. Mutaxassisligi bo‘yicha dasturchi bo‘lishiga qaramay, o‘zini aynan ushbu sohada topgan mas’uliyatli kasb egasi buni Xudo tomonidan berilgan mukofot sifatida biladi.

«Avvalboshida qiyinchilik bo‘lgan. Kran boshqarishga o‘qib chiqqanimdan so‘ng ma’lum ob’ektlarda yordamchi vazifasida ishladim va yetarli tajriba to‘plagach, menga ham bu ulkan mashina boshqaruvini ishonib topshira boshlashdi. To‘g‘ri, bu holat ko‘pchilikka g‘alati bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin men bu kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. O‘zimni baxtiyor his etyapman» – deydi u.

Ma’lumot uchun, ayni paytda Tashkent City qurilishida 1000 dan ziyod ishchilar mehnat qilmoqda. Majmuaning umumiy hududi 800 ming kvadrat metrni tashkil etadi, umumiy qiymati esa 1 mlrd dollardan ko‘proq. Loyihani 5 yil ichida bunyod etish rejalashtirilgan. Ushbu biznes markazda balandligi 40 qavatgacha bo‘lgan binolar, besh yulduzli mehmonxonalar, ko‘rgazma zallari, turar joy komplekslari va avtoturargoh hududlari joylashadi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!