Tarkibida giyohvand moddasi bor dori sotuvchilar ushlandi

Tarkibida giyohvand moddasi bor dori sotuvchilar ushlandi

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi O‘rikzor mahallasida yashovchi So‘piyev Panjiboy mijozga 20 dona “Tramadol” psixotrop moddasini 60 ming so‘mga sotayotganida ushlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi.

“Bobodexqon” oziq-ovqat bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida sodir bo‘lgan ushbu hodisa yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari chog‘ida So‘piyev Panjiboy (ism-shariflar o‘zgartirildi) psixotrop moddani tumandagi Bog‘inav mahallasida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Jolg‘ashov Turdidan olgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirkorning “Bobodexqon” oziq-ovqat bozori” hududidagi savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganda 4 dona “Tramadol” psixotrop moddasi borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olindi.

– Tarkibida giyohvand vositalari va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy aylanishiga qarshi hududlarda olib borilayotgan tadbirlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboyev. – Jumladan, Denov tumani Nuriston mahallasida yashovchi 27 yoshdagi Sobir To‘xliyev boshqaruvidagi VAZ-21011 rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda uning yonidan 10 dona “Tramadol” giyohvandlik moddasiga kiruvchi tabletkalar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi. Shuningdek, Termiz tumani Uchqizil mahallasidagi xususiy dorixonalardan birida o‘tkazilgan tadbirda dorixona sotuvchisi Sayid Nuriyev mijozga 10 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasini 30 ming so‘mga sotayotganida ushlandi. Dorixona ko‘zdan kechirilganda 35 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangishahar mahallasi hududidagi xususiy dorixona sotuvchisi Oysanam To‘rayeva ham mijozga 5 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasini 15 ming so‘mga sotayotganida qo‘lga tushib qoldi. Shundan so‘ng dorixonadan yana 11 dona “Zopiklon (SONNAT)” tabletkasi topilib, rasmiylashtirildi.

Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!