Tadbirkor Jahongir Umarov "hibsxona"ga kelguniga qadar "kaltaklangan" (foto)

Tadbirkor Jahongir Umarov "hibsxona"ga kelguniga qadar "kaltaklangan" (foto)

Tadbirkor Jahongir Umarovning “biznes”ini tortib olish uchun “sxema” ishlab chiqilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini tortib olish maqsadida uni jinoyatchiga chiqarishmoqchi.

O‘zbekistonda yog‘-moy mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha yirik tadbirkor bo‘lgan Jahongir Umarovning huquqlari “oyoq osti” qilinmoqda. U avval Jinoyat kodeksining boshqa moddasi bilan, keyinchalik esa mutloqo boshqasi bilan ayblanmoqda.

“UzNews.uz” muxbiri Jahongir Umarovga nisbatan o‘tkazilayotgan sud tergovi jarayonida qatnashib, voqealarning navbatdagi tafsilotlaridan boxabar bo‘ldi.

Jumladan, Toshkent shahar Olmazor tuman Jinoiy ishlar sudida, sudya Zafar Bobonov raisligida o‘tkazilgan 24 iyul kunidagi sud majlisida guvohlar so‘roq qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan Jahongir Umarovning “kaltaklangani” voqeasi sud majlisida ham ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, o‘z qo‘li ostidagilarning “reja”siga ko‘ra biznesidan ajrab borayotgan Jahongir Umarovga nisbatan bu safargi “zarba” ancha og‘ir bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi tartibini buzganlikda gumon qilinib, 2018 yilning 22 yanvar kuni qo‘lga olingan Jahongir Umarov Toshkent shahar IIBB vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga keltirilgan.

Sud majlisida aynan mana shu hibsxonada faoliyat yuritadigan, Jahongir Umarovni shaxsan taniydigan uch nafar IIBB xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Jahongir Umarovning tana qismida turli darajadagi tan jarohatlari alomatlari bo‘lgan va ular tan jarohatlari yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan tibbiy ma’lumotnomasiz Jahongir Umarovni hibsxonaga qabul qilishgan. Suddagi mavjud hujjatlarda esa aynan Jahongir Umarov keltirilgan kuni tibbiy ma’lumotnoma bo‘lmagan.

Negadir Jahongir Umarov 25 yanvar kuni shifoxonaga olib borilib, uning sog‘ligi borasida tibbiy ma’lumotnoma olingan.

Sudga chaqirilgan yana bir guvohning so‘zlariga ko‘ra esa, uning Toshkent shahar IIBB JQBda faoliyat olib boradigan Fathiddin Nuriddinov ismli mahalladoshi Jahongir Umarovning ofisiga borib “teatr” ko‘rsatishi, bu ko‘rsatgan “aktyorlik” mahorati uchun unga 50 ming so‘m berilganini tan oldi.

“Xizmat vakolatidan chetga chiqqan” Toshkent shahar IIBB xodimiga nisbatan tegishli tartibda IIBB rahbariyati chora ko‘rgani yoki ko‘rmagani borasida hozircha bizda aniq ma’lumot yo‘q.

Advokatlar sudga raislik qilayotgan Zafar Bobonovga, navbatdagi sud majlisida ushbu ishni tergov qilgan IIBB tergovchisini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sudga taklif qilish borasida iltimosnoma bilan murojaat qilishdi.

Ushbu holat yuzasidan muxbirimiz sud majlislarida qatnashish barobarida mustaqil tarzda jurnalistik surishtiruv ham olib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Biz tez kunda voqealarning asl sababi, Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlashni va’da bergan tadbirkorni “batamom yo‘q qilishga” kirishganlar asli kimlar ekanligini sizlarga oshkor qilamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!