SOCh TO‘KILISHIGA NIMA SABAB BO‘LADI?

SOCh TO‘KILISHIGA NIMA SABAB BO‘LADI?

SSV Matbuot xizmatining soch kasalliklari va ularni davolashdagi zamonaviy yondashuvlar haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi (1-qism).

— Sochlarning me’yorda o‘sishi nimaga bog‘liq? Soch kasalliklari kimlarda ko‘proq uchraydi?

— JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida ushbu kasallikning u yoki bu shakli bilan kasallanganlarning 65 foizi erkaklar va 35 foizi ayollardir.

Kasallikning ko‘payishi, bir tomondan, organizmdagi surunkali kasalliklar, stress, uzoq vaqt qo‘llanilayotgan dori-darmonlarning salbiy ta’siriga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ekologik omillar, iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatlar tarkibida foydali moddalarning yetishmovchiligiga ham bog‘liq.

Bu masalalarni o‘rganuvchi tibbiyot sohasi — trixologiya boshning sochli qismi va sochlarning normal holatda tuzilishi, o‘sishi hamda soch kasalliklarining oldini olish va davolash usullarini o‘rganadi. Soch to‘kilishi bilan bog‘liq holatlar tibbiyotda alopesiya deb yuritiladi.

Soch tolasi o‘zak va ildiz qismlaridan iborat. Uning tarkibi pigment va keratin moddalaridan tashkil topgan.

Insonning boshida o‘rtacha taxminan 100 000 soch follikulalari mavjud. Qizig‘i, soch rangiga qarab, follikulalar soni va qalinligi farq qilishi mumkin. Soch tolasi malla sochlilarda 150 000 ta, qizg‘ish sochlilarda esa 50 000 ta bo‘lishi mumkin.

Hayot davomida har bir follikuladan 20-30 ta soch tolasi o‘sishi mumkin. Har bir yangi soch tolasi 2-7 yil davomida o‘sishi mumkin va uning uzunligi bir metrdan oshadi.

Soch o‘sishi uch bosqichda bo‘ladi:

📌Anagen bosqichi – o‘sish davri. Boshdagi 85 foiz soch tolasi ushbu bosqichda o‘sadi. Bu davr 2-5 yilgacha davom etadi.
📌Katagen bosqichi – regress davri hisoblanib, 1 foiz sochlar ushbu bosqichda paydo bo‘lib, 3-6 hafta davom etadi.
📌Telogen bosqichi – tinchlanish davri. Bu davr 1-3 oy davom etib, bu bosqichda 14 foiz sochlar o‘sishi kuzatiladi.

Soch tolalari butun hayot davomida 25 marotaba ushbu siklni o‘taydi.

— Soch to‘kilishiga sabab bo‘luvchi omillar nimalardan iborat?

— Soch to‘kilishiga bir necha omillar sabab bo‘ladi. Masalan:

📌 stress;
📌 nasliy moyillik;
📌 modda almashinuvining buzilishi;
📌 surunkali ichki a’zolar kasalliklari;
📌 endokrin kasalliklar;
📌 dori-darmonlarning salbiy ta’siri;
📌 infeksion kasalliklar;
📌 norasional ovqatlanish.

Soch to‘kilishi bir necha turlarga bo‘linadi:

✅ Fiziologik yoki qarilik sabab soch to‘kilishi. Vaqt o‘tishi bilan inson organizmida to‘kilgan sochlarni qayta to‘liq tiklash qobiliyati kamayishi natijasida kallik paydo bo‘ladi. Ayollarda fiziologik soch to‘kilishi diffuzion xarakterda bo‘lib, kallik kuzatilmasligi mumkin. 55-65 yosh normal fiziologik soch to‘kilishi kuzatiladigan yosh, deb hisoblanadi.

✅ Patologik soch to‘kilishining o‘zi ham bir necha turga bo‘linadi: chandiqli va chandiqsiz soch to‘kilishi.

Chandiqli soch to‘kilishi turli xil kasalliklar, jarohatlar va rentgen nurlaridan yuz beradi.

Chandiqsiz soch to‘kilishining o‘choqli, subtotal, total, universal, lentasimon, androgen soch to‘kilishi kabi turlari bor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!