Servantes Navoiyni o‘qiganmi?

Servantes Navoiyni o‘qiganmi?

Alisher Navoiy asarlari asrlar davomida jahon adabiyoti ixlosmandlari e’tiborini tortgan, turli tillarga tarjima qilingan. Dunyo adabiyotining bir qator buyuk namoyandalari asaridaNavoiyga hamohang fikrlar, hikmatlar, o‘xshatishlar uchraydi.

Albatta, hazrat Navoiy o‘ziga qadar yashab, ijod qilib o‘tgan ko‘plab buyuklarning asarlaridan bahramand bo‘lgan, o‘z navbatida, keyingi asrlarda Sharq va G‘arbda yashab o‘tgan ko‘plab mutafakkirlar asarlarida ham navoiyona mudriklik, donishmandlikni ko‘ramiz.

Masalan buyuk ispan adibi Migel Servantesning (1547-1616)o‘lmas “Don Kixot” asarida shunday dono fikrni o‘qiymiz: “hayot xuddi shaxmat taxtasiga o‘xshaydi: o‘yin tugashi bilan shoh ham, piyoda ham bitta qutiga tushadi”.

Naqadar purhikmat naql. Bu fikrni Servantes qayerdan olgan bo‘lishi mumkin? U Navoiyni o‘qiganmikin? Bunga aniq javob berish mushkul. Ammo, Navoiy bu fikrni Servantesdan avvalroq aytgani haqiqat.

“Lisonut-tayr” dostonida shaxmat ustalari haqida bitta rivoyat keltiriladi. Unga ko‘ra, har ikki shahmatchi arsaga sipohlarni joylab chiqishadi. Bilamizki, shaxmatda har bir sipoh o‘z pozisiyasiga, o‘z yurish uslubiga ega. Unda shoh o‘z o‘rnida, piyodalar o‘z o‘rnida turadi. Oddiy piyodadan to frazingacha shohni himoya qilib, raqib shohini mot qilish uchun kurshadi. Ammo, o‘yin tugashi bilan har ikki ustod shaxmat donalari bitta xaltaga solishadi. Endi arsa ustidagi tartib, nizom buziladi. Xaltada shoh piyodaning tagiga tushib qoladi.

Chun xarita ichra bog‘landi bari,

Shoh quyidur yo piyoda yuqqori,

-deya xulosa yasaydi hazrat Navoiy.

Albatta, buyuklar turli zamon va makonlarda turib, bir xil fikr yuritishi, biror masala bo‘yicha umumiy xulosa chiqarishi ham mumkin. Ammo¸ bunday hodisabitta mutafakkir vaboshqa buyuk salaflar ijodida takrorlanaversa-chi?

Fransuz uyg‘onish davrining buyuk vakili, faylasuf Laroshfukoning (1613-1680) hikmatlari (ularni maksimlar, deb ham atashadi) ikki yarim asrdan beri o‘quvchilarni mushohadaga undab keladi.

Mana uning bir mantiqiy fikriga e’tibor qilang-a: “Hech qachon hech kimga siringizni aytmang. Agar birov siringizni fosh qilsa, undan xafa bo‘lmang. Chunki o‘zingiz asray olmagan sirni boshqalar qanday saqlasin?” Chiroyli fikr, to‘g‘rimi? LekinLaroshfukoga qadar bu “qanotli ibora” aytib bo‘lingan edi.

Fosh qilmang roz, chunkim asrayolmay qildingiz,

O‘zgalardin asramoq bori tamanno qilmangiz.

Ha, topdingiz. Bu baytni ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy Laroshfukodan ancha avvalroq aytgan.

Yana bir misol. Buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov (1928-2008) yaratgan manqurt obrazi bugun har bir adabiyot muhibi uchun tanish. “Asrga tatigulik kun” romanida keltirilgan afsona qahramoni – Jo‘lomonning taqdiri har bir o‘quvchini dahshatga soladi. Yovuz dushman tomonidan asir olingan yigitning sochlari qirib tashlanadi va taqir boshiga yangi so‘yilgan tuyaning terisi qoplanadi. Shundan so‘ng ming uqubatlarga bardosh bergan asir o‘z xotirasini yo‘qotadi. U endi o‘z xojasidan boshqa birovni tanimaydi. U boshidagi qalpog‘ini tortib olmasliklari uchun hatto o‘z onasini ham qurbon qilishga tayyor...

Chingiz Aytmatov ushbu asari orqali dunyoning turli tillariga yangi – manqurt atamasini olib kirdi. Bu so‘z qaysi tildan olingan, qanday yasalgani haqida turli taxminlar bor. Bu haqda afsuski, yozuvchining o‘zi ham hech narsa demagan.

Ammo, Aytmatovga qadar manqurt afsonasi mavjud bo‘lgan. Ehtimol xotirasidan judo qilingan qullar qadimdaboshqacha atalgandir. Ammo, shunisi aniqki, Navoiy besh asr muqaddam “manqurtlik” haqida o‘z she’rlaridan birida aytib ketgan edi.

Falak boshingga qoplab it terisini,

Sen oni jahldin deb kishu sinjob,

Ajab yo‘q, odamiylikni unutsang,

O‘zungni telba it charmida asrob...

E’tibor qilsak, bu yerda ham boshiga it terisi qoplangan, lekin uni suvsar mo‘ynasi deb o‘ylayotgan kimsaningshu tariqa insoniylik qiyofasini yo‘qotishi aks ettirilgan.Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul yozganidek, “to‘g‘ri, Navoiy manqurt so‘zini ishlatmagan, lekin u xotirasiz vahshiy qulga kimligini tushuntirgan”.

Albatta, bu bilan biz buyuk yozuvchilar, mutafakkirlarning ijodini kamsitish niyatida emasmiz. Faqat,buyuk Navoiyningtafakkur qanoti, hayol oti jahonning eng buyuk adiblari zabtetgan haqiqat manzillariga ulardan avvalroq yetib borganini yana bir bor e’tirof etishdir.

R.Jabborov tayyorladi

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!