Quvalik yigit inspektor bilan «suhbat»dan so‘ng vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi

Quvalik yigit inspektor bilan «suhbat»dan so‘ng vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi

Avvalroq quvalik 20 yashar Ahror Anvarov inspektor bilan "suhbat"dan keyin vafot etgani ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Bu o‘lim yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan dalillar asosida mazkur hodisada jinoyat tarkibi yo‘q deb topilgan. Bosh prokuratura matbuot xizmatining "Aniq.uz"ga ma’lum qilishicha, JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilingan. 

Joriy yilning 02 aprel kuni soat 10:00 larda Quva tuman prokuraturasiga tuman IIB navbatchilik qismidan Quva tumani, Paxtakor MFY, Yoshlik ko‘chasi, 289-uyda yashovchi 01.03.2001 yilda tug‘ilgan A.Anvarov Toshkent MFY, hududidagi Qo‘rg‘oncha guzari oldida piyoda harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘satdan vafot etganligi haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur xabarga asosan hodisa joyi va A.Anvarovning murdasi Quva tuman prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan krim-texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Aniqlanishicha, A.Anvarov 02.04.2021 yil soat 09:30 lar atrofida yashash uyidan, tumandagi Toshkent MFY xududida joylashgan beton g‘isht ishlab chiqarish sehidagi ishchilariga ovqat olib kelib, sehga tashlab, mazkur MFY markazida joylashgan mahalla guzari yonidan piyoda o‘tib ketayotgan vaqtida, to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashib, yo‘l chetida yiqilib tushgan. Shunda bu holatga guvoh bo‘lgan mahalla guzari qoravuli A.Asqarov A.Anvarovni qarindoshlari va shu yerda yashovchi fuqarolarni yordamga chaqirib, uni guzardagi so‘riga joylashtirib, bu haqida tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgan.  Shifoxonaga olib borish jarayonida A.Anvarov yo‘lda vafot etgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasining 29.04.2021 yildagi 155-sonli xulosasida A.Anvarovning o‘limiga “Yurak toj qon tomirlarini aterosklerozi va yurakni o‘tkir ishemik kasalligi oqibatida yuzaga kelgan o‘tkir koronar yetishmovchiligi” natijasida vujudga kelganligi qayd etilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida A.Anvarovning yaqin qarindoshlari, oila a’zolarilari, qo‘ni-qo‘shnilari, hodisa guvohlari va u bilan oxirgi marotaba muloqatda bo‘lgan jami 26 nafar shaxslardan tushuntirish xatlari olinganida ular tomonidan biron-bir jinoyat yoki shubhali holatlar to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilmagan.

Bundan tashqari, mazkur holat bo‘yicha internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqalgan ma’lumotlarning haqqoniyligi va boshqa holatlar yuzasidan 03.04.2021 yilda tuman IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha,  31.03.2021  yilda tuman IIBning 3 nafar profilaktika inspektorlari tomonidan A.Anvarov bilan uning otasi YO.Xalilov hamda 2 nafar amakilari A.Xalilov hamda U.Xalilovlar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilganligi, ularga nisbatan IIB xodimlari tomonidan  jismoniy va ruhiy taziyqlar o‘tkazilmaganligi qayd etilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan ob’ektiv dalillarga ko‘ra, A.Anvarovni vafot etganligi holatida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Quva tuman prokuraturasi tergovchisi Z.Karimov tomonidan 30.04.2021 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Qabul qilingan qaror va tekshirish materiali viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, qarorning qonuniyligi yuzasidan 01.05.2021 yilda xulosa qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!