Qarz berish yaxshimi, sadaqa qilishmi?

Qarz berish yaxshimi, sadaqa qilishmi?

Qarz berish juda xayrli ish hisoblanadi. Bu xususida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Bir kishining muhtojga qarz berishi sadaqa berishidan o‘n sakkiz daraja afzalroqdir”. Zero, sadaqa muhtoj yoki muhtoj bo‘lmagan odamga tegishi mumkin. Ammo qarzni faqat muhtoj odam so‘raydi. 

Qarz so‘ragan kishining qiyin holini o‘ylab, uni xijolat qilmaslik, ranjitmaslik kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qarz olib, qarz berish ishini yaxshilik bilan bajaringiz. Agar taraflardan birini ranjitsangiz, xafa qilsangiz katta gunoh orttirgan bo‘lasiz!”

Uch holatda qarz olmoq uchun murojaat qilinadi:

1. Xastalik va boshqa sabablar bilan ishlab foyda topolmay qolganda, muhim ehtiyoj chiqqanda shunga yarasha olmoq.

2. Ro‘zg‘or, oila kamchiligini butlamoq uchun.

3. Uylanmoq uchun yetarli tayyorgarlik ko‘rilmagan holda.

Bu uch holatda Alloh qarz oluvchi bandaning vakili va yordamchisi bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim odamlardan qarz olganida uni uzish (qaytarib berish) niyati bilan olsa, Alloh unga yordam beradi. Ammo kim yo‘q qilish (eb ketish) niyati bilan olsa, Alloh uni yo‘q qilib yuboradi.”, deganlar.

Lekin afsuski qarz olib bermayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Kishi qiyin ahvolda turganda qarz olib ishini bitiradi. Ammo qarzni qaytarish vaqti kelganda, turli bahonalar bilan bermaslik yo‘lini axtaradi. Ba’zilar esa ochiqchasiga qarzidan tonadi. Bu Alloh taolodan qo‘rqmaslik va oriyatsizlikdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday  marhamat  qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar...” (Niso, 29)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa: “Boyning (qarzni to‘lashga imkoni bor kishining) (zimmasidagi haqni) bermay, cho‘zib yurishi zulmdir” deyilgan. (Beshovlari rivoyat qilishgan)

Alloh taolo barchalarimizni qarzdor bo‘lishdan O‘zi asrasin! Qarzdorlarimizning qarzlarini uzishlarida ularga O‘zi yordamchi bo‘lsin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!