“Orsiz ota”ning qabih rejasi fosh bo‘ldi

“Orsiz ota”ning qabih rejasi fosh bo‘ldi

Rivoyat etishlaricha, Azroil alayhisalom o‘z burchini bajarish oldidan bir o‘rtanib olarkan. Har bir jonzot uchun beqiyos ne’mat atalmish yashash saodatini undan tortib olmoq, ko‘zlarini manguga yummoq, oxiratga yo‘llamoqlik yukining og‘irligidandir, bu. Ha, bir martagina in’om etilguvchi bu umr ne’matiga hech bir shaxsning qasd yoki suiqasd qilishga haqli emasligi dinda ham qonunda ham kafolatlangan.

Baxt qo‘rg‘onidagi mehrning qahrga aylanishi…

Oila — azaldan inson hayotining va nasl-nasabining davomiyligini ta’minlaydigan muqaddas dargoh sifatida e’zozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, ilm-ma’rifatga oshno bo‘lish ko‘nikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Shuning uchun ham inson zoti qadim-qadimdan oilani, muqaddas bilib, uni baxt ostonasi nomi bilan asrab-avaylab mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib keladi.

Erkak — uyning qo‘r­g‘oni, har qanday yaxshi-­yomon kunlarda oilaning balogardoni hisoblanadi. Oilada  biror muammo bo‘lsa, oila a’zolari  unga suyanishadi.

Ayol… azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli bo‘lish barobarida mehrga va himoyaga muhtoj. Shu bilan birga ayollarni himoya qilish, shuning uchun ayollarga shafqat ko‘zi bilan qarash har bir erkakning burchi sanaladi.

Oybek bilan Mahliyo (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham olam-olam orzular bilan turmush qurishgani shubhasiz. Ammo oilada uchrashi tabiiy bo‘lgan mayda ikir-chikirlargayoq mag‘lub bo‘lishdi. Bu esa mojaro, janjallarning ko‘payishiga sabab bo‘lib, o‘rtalaridagi mehrning qahrga aylanishiga olib keldi. Kun sayin mehr berib evaziga mehr kutishdan toqati toq bo‘lgan Mahliyo ikki yashar bo‘layotgan qizini oldi-yu ota uyiga ketib qoldi.

Oybek farzandim taqdiri uchun oilamni tiklashim, ayolim bilan murosaga kelishim lozim, degan o‘ydan ko‘ra ulardan voz kechishni oson bildi. Garchi qonunan ajrashmagan bo‘lsa-da, boshqa ayolga uylanib oldi. Ammo u bilan ham kelisholmadi. Fursatlar o‘tib, birinchi oilasi, farzandi sog‘inchini tuygandek yana Mahliyo bilan qizchasi Sevinchni qaytarib, birga yashay boshlashdi. Bir yil o‘tib ikkinchi qizi Sabrina dunyoga kelganida, oiladagi murosasizlik barham topadi deb umid qilgandi. Afsuski, Oybekning sababsiz janjal-to‘polonlar mahalla ahlini-da bezor qilgandi. Ering qahridan bezor bo‘lgan Mahliyo ikki qizini olib, qaytmaslik qarori bilan ota uyiga yo‘l oldi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, ota uyida o‘tirish ham ikki bolali ayolga oson emas.

Farzandlar kamomadi, ro‘zg‘or, xarajatlar charchatadi. Mahliyo farzandlari ta’minoti uchun aliment undirish maqsadida ariza qilganda Oybek uchinchi bir ayolga uylanib, ajrashib ham bo‘lgandi. Avvaliga farzandlari uchun u yer bu yerda ishlab alimentni to‘lab kelgan Oybek Ortiqov bora-bora imkon qilolmay qoldi. To‘g‘rirog‘i mehnatga toqati yo‘q, oila, bola-chaqasi oldida bo‘lmaganidan keyin ma’lum bir maqsad ham yo‘q va shunga ko‘ra yurish-turishi kun o‘tsinga edi xolos, go‘yo.

“Orsiz ota”ning vajohatli rejasi…

Dono halqimizda “Ota bo‘lish oson, otalik qilish qiyin” degan ibora bor. Bu Oybek kabi otalik burchini eplay olmaydigan kimsalarga ishora. O‘zining pushti kamaridan bo‘lgan farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqish va tarbiyalash konstitusiyaviy burchi ekanligini tan olmagan Oybekning farzandlari uchun berishi lozim bo‘lgan moddiy ta’minotidan bo‘lgan qarzi 17 million so‘mni tashkil etib, qarzdorligi ko‘payib ketdi. Majburiy ijro byurosi ijrochisi Mahliyo Topilovaga qo‘ng‘iroq qilib aliment pulini olib ketishini aytganida, bolalarimni haqqi deya zudlik bilan yetib bordi. Yetib borganida esa Oybek Ortiqov unga 1 300 000 so‘m pulni to‘lashi, buning uchun chet elga chiqishi uchun belgilangan ta’qiqni oldirib tashlashini so‘raydi.

— Men senga Rossiyadan pul jo‘nataman, qarzimni shunday uzaman deb ishontirishga harakat qildi Oybek.

Ammo ayol eriga ishonmasdi. Chunki Oybek avval ham Rossiya davlatida yaxshigina ishlab qaytgan, ammo bolalari, alimentdan bo‘lgan qarzi uchun bir so‘m ajratmagandi. Shu bois ham Mahliyo Oybekning xorijga chiqishi uchun taqiqni oldirib tashlashga ko‘nmadi.

Bolalarning kam-ko‘sti uchun ko‘chadan qarz bo‘lib boshi qotgan Mahliyoning bir ishi Oybekning tepa sochini tikka qildi. U tuman hokimligi tomonidan  uy-joy qurish uchun berilgan 5 sotix yerining Mahliyo Topilova foydasiga undirilgan 2,5 sotixini sotib yuborgan xotiniga nisbatan adovatda qoladi.

Xato ustiga xato qilib o‘rgangan, qilmishlarining oqibatini o‘y­lab ko‘­rishni xohlamayotgan Oybek o‘zining yovuz va tuban rejasiga ko‘ra “gaplashib olamiz”, deya Mahliyoni o‘sha nizoli, musibatli yerga chaqirtiradi.

Er uchun olgan pulini qaytarishni, yerni sotishga haqi yo‘qligi, bu yer bolalarining haqqi ekanligini uqdirib janjal ko‘taradi. Xotinining ko‘cha-ko‘ydan qarz bo‘lib ketdim, degan gapini cho‘pchak deb uni haqoratlaydi, ayovsiz kaltaklab, g‘araz niyat bilan yoniga solib kelgan pichog‘ini “Seni o‘ldiraman, yuragingni sug‘urib itlarga tashlab qutulaman!”, deya xotinining ko‘ksiga, qo‘li va oyog‘iga qayta-qayta sanchib olishga ulguradi…

Kishini o‘ylantiradigan tomoni, nega o‘z oilasini parokanda qilgan “orsiz ota”lar aliment to‘lamaslik uchun bunchalik jaholat botqog‘iga botmoqda?

Ayol bejiz baqirmaydi, faryod qilmaydi…

Bir donishmand shogirdlaridan so‘rabdi: — Nima uchun kishilar bir-biri bilan tortishib, janjallashib qolishsa baqirib gapiradi? Shogirdlardan biri: — Chunki ular o‘zini idora qila olmaydi, shuning uchun baqiradi… boshqa shogirdi: — jahl ustida baqiradi, — debdi, yana boshqasi: — Chunki asabiylashgan kishi baqiradi, — debdi.

Shogirdlarining javobi donishmandni qoniqtirmagach o‘zi javob beribdi:

— Kishilar bir-biri bilan janjallashsa ularni qalblaridagi mehr bir-biridan uzoqlashib qahr tomonga shoshadi. Shuning uchun kishilar o‘z fikrini uzoqdagi qalbga yetkazish istagida baqiradi — deb javob bergan ekan!..

Mahliyoning jon talvasasida yugurib, yordam so‘rab ko‘targan dod-faryodi-yu, qizaloqlarning dadajoo-o-n… onamni o‘ldirib qo‘ymaaa-aang deya chinqiragan nidosini  eshitgan, yaqin orada ishlayotgan kishilar yugurib yetib kelishadi… Yordamga yetib kelganlar Oybekning qo‘llarini qayirib pichoqni yerga tushirishga, o‘zini esa bir chetga olib ketishga muvaffaq bo‘lishadi.

Erda to‘lg‘onib, oh chekayotgan Mahliyoni esa mashinaga solib shifoxonaga chopishadi.

Tangrining inoyati, yaxshilarning yordami, shifoxonaga vaqtida yetkazilgani, balki qizaloqlarining iqboli sabab Mahliyoning hayoti saqlab qolindi.

Oybek o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda pastkash rejasini, johillika yetaklagan qasdini, mash’um niyatini yaxshiyamki oxiriga yetkaza olmadi.

Sud hukmi…

Sud majlisida jinoyat ishi atroflicha ko‘rilib, Oybek Ortiqovga nisbatan sud tomonidan qonun sanksiyasida belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, munosib hukm o‘qildi. Shoyadki, Oybek temir panjaralar ortida o‘ziga yetarli saboq olib, umrining qolganini insoniylikda o‘tkazishga xulosa qilsa…

Xulosa…

Oila qimmati yo‘qolgan joyda, yuqorida keltirganimizdek, badbaxtlik payt poylaydi. Oybek ham o‘z dilbandlarini tirik yetim qilgani kamdek, ular qalbini ham bir umrga yaraladi, o‘zidan sovutdi. Unga farzand atalmish shu bebaholarni tug‘ib, ularning tirikligi uchun kurashgan Mahliyoni esa bir umrlik nosog‘likka va qalb iztirobiga mahkum etdi.

Xulosa o‘rinda ta’kidlash joizki, sud amaliyotida Oybek kabi alimentdan qarzdor ayrim “er”lar xotiniga achchiq qilib, aliment to‘lashdan bosh tortishadi yoki to‘­lovni to‘lashni paysalga solishadi. Qarzdorlik ko‘paygach esa, tangridan, taqdirdan, qonuniy talabdan norozi bo‘la boshlashadi.

Aslida, aliment bu ayolining emas, bolaning haqqi! Axir alimentni ayolinining yeb-ichishi yoki kiyinishi uchun emas, balki o‘z farzandlarining bu hayotda zoriqmay voyaga yetishi uchun to‘lashadi-ku!… Shunday ekan nima uchun Mahliyo kabi onalar farzandlarini moddiy ta’minoti uchun birovlardan qarz olishi yoki suiqasd qurboni bo‘lishi kerak?… Nega farzand arazlashgan, o‘zaro ajrashgan ota-onasi o‘rtasidagi ziddiyat va adovat­ jabrini tortishi kerak? Axir, bolalarda nima gunoh?… Xulosa esa o‘zingizdan.

 Akrom ARIPOV,

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

katta konsultanti

(“Inson va qonun” gazetasi,

2020 yil 13 oktyabr)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!