Navoiyda 7 kishining umriga zomin bo‘lgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Navoiyda 7 kishining umriga zomin bo‘lgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hududida yetti kishining hayotiga zomin bo‘lgan mudhish yo‘l transport hodisasi to‘g‘risida videoroliklar tarqalgan edi.

Sudlanuvchi A. Qiziltepa tumani XXX MCHJda haydovchi bo‘lib ishlab kelib, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida fuqarolar o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Shuningdek, ehtiyotsizlik orqasida hamda xavf ostida qoldirish, ya’ni hayoti yoki sog‘ligi xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, basharti aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo‘lsa yoxud aybdorning o‘zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo‘ygan va bu hol odamlar o‘limiga sababchi bo‘lishda ifodalangan jinoyatni quyidagi holatda qasddan sodir etgan.

Jumladan, sudlanuvchi A. 2018 yil 10 oktyabr kuni soat 01:00 larda o‘ziga XXX MCHJ tomonidan biriktirilgan SHAANXI SX rusumli 85/442 XXX davlat raqamli yuk avtomashinasini Yo‘l harakati qoidalari ning 12-bandiga ko‘ra, haydovchiga, transport vositasini mastlik holatida sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish taqiqlanishi to‘g‘risidagi qoida talablarini qo‘pol ravishda buzib, mast holatda Karmana tuman hududidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lidan Karmana-Qiziltepa tumanlari yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelgan.

Ushbu yo‘lning 188-kilometriga yetib kelganida, Yo‘l harakati qoidalari da belgilanganidek haydovchi harakatlanishni boshlash, yo‘nalishni o‘zgartirish (qayrilib olish) va to‘xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr xavfsiz ekaniga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishi kerakligi, relssiz transport vositasining haydovchisi yo‘lning chorrahadan tashqari joyida qayrilib olishda qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart ekanligi to‘g‘risidagi qoidalar talablarini buzgan.

Haydovchi yo‘nalish bo‘yicha yo‘lning qarama-qarshi tomonidan Neksiya-2 rusumli avtomashina harakatlanib kelayotganini ko‘rgan bo‘lsa-da, unga yo‘l bermay, o‘z boshqaruvida bo‘lgan avtomashinani qayrilib olish uchun harakatni davom ettiradi.

Oqibatda Neksiya-2 avtomashinasi yuk avtomashinasining orqa o‘ng tomon burchagiga to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi va yong‘in kelib chiqqan.

Fuqaro A. Neksiya-2 rusumli avtomashina haydovchisi va undagi yo‘lovchilarning hayoti xavf ostida qolgani va o‘zini o‘zi himoya qilishdan mahrum bo‘lganini to‘liq anglagan bo‘lsa-da, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatmasdan hodisa sodir bo‘lgan joydan ketib qolgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Neksiya-2 rusumli avtomashina haydovchisi Z. va avtomashinada bo‘lgan 6 nafar fuqaro voqea joyida vafot etishgan.

Sudlanuvchi A., sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, hodisa ro‘y bergan paytda urilgan avtomashinadan yong‘in chiqqanini ko‘rgani, qo‘rqqanidan hodisa joyidan ketib qolgani, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoitining og‘irligini bildirib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

2019 yil 7 fevral kuni sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlash masalasini muhokama qilar ekan, uning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holat deb, jinoyatni mastlik holatida sodir qilganini nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblab, amaldagi qonun va Oliy sudi Plenumining ko‘rsatmalariga amal qilgan holda, sudlanuvchi A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra aybdor deb topdi.

Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

R.Xudoyberdiyeva,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Navoiy viloyat sudi sudyasi​​

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!