O‘zbekiston fintex-innovasiya markaziga aylanadi

O‘zbekiston fintex-innovasiya markaziga aylanadi

Uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi kun tartibidagi “O‘zbekistonda Fintex: rivojlanishning zamonaviy tendensiyasi” mavzusi munozarasida sohaning yetkchi ekspertlari, mutaxassislar jamlandi.

Barcha spikerlar global iqtisodiy trendlar va mintaqaning o‘ziga xosligi nuqtai nazaridan muhokama qilinayotgan masalalarga jiddiy qiziqish bildirib, ayni yo‘nalishdagi muammolar dolzarbligini ta’kidlashdi.

Ishtirokchilar mamlakatimiz fintex (moliyaviy texnologiya) bozorining bugungi holatini tahlil qilib, jadal o‘sish sur’ati va zamonaviy texnologiya vositalari integrasiyalashuviga alohida e’tibor qaratdilar. Innovasion yondashuv mamlakat moliya sektori raqobatbardoshligini ta’minlashga qay darajada hissa qo‘shishi mumkinligi, raqamli hamyon, elektron tijorat va raqamli bank xizmatini rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqildi.

– O‘zbekistonda moliyaviy texnologiya sohasidagi startaplar uchun qulay shart-sharoit mavjudligiga guvoh bo‘ldik, – deydi “Acronis” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Mark Shmulevich. – Hukumatning qo‘llab-quvvatlashi va xorijiy investisiya faol jalb qilinishi orqali respublika Markaziy Osiyoda fintex-innovasiya markaziga aylanish salohiyatiga ega. Buning uchun O‘zbekiston sanoat barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida ayni yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlashga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.

Ta’lim, raqamlashtirish va axborot xavfsizligi tizimini shakllantirish ham muhim ekani qayd etildi.

Ma’ruzachilar moliyaviy savodxonlik va raqamli transformasiyani rag‘batlantirishga mo‘ljallangan “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi muhokamasiga ham alohida o‘rin ajratishdi. Ekspertlar fikricha, mobil aloqa va internet mamlakatning mintaqadagi texnologik yetakchiligini mustahkamlash rejasini amalga oshirish uchun qulay zamin yaratadi.

O‘zbekiston Fintex assosiasiyasi direktori Nargiz Do‘stmatova ta’kidlashicha, bu yil chakana bank xizmati sohasida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilgan. Xususan, banklar chakana mijoz uchun ko‘plab xaridorgir mahsulotlar yaratmoqda, xizmatlar joriy qilmoqda. Afsuski, hozircha korporativ bank rivojlanishi biroz oqsamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!