Mirzo Kenjabek: «Prezident devonida ishlagan yillarimni xijolatli davr deb bilaman» (video)

Mirzo Kenjabek: «Prezident devonida ishlagan yillarimni xijolatli davr deb bilaman» (video)

Kun.uz sayti jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni iste’dodli shoir, mohir tarjimon hamda islom va tasavvuf ta’limotini o‘rgangan olim Mirzo Kenjabek bo‘ldi.

Video: Youtube

Mirzo Kenjabek bilan suhbatimiz bugungi o‘zbek she’riyati, ijodkorning ijod yo‘lidagi burilish sabablari, qonli Farg‘ona voqealari, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 1989 yil voqealari, shuningdek, boshqa mavzularda kechdi.

- She’r – davr ovozi. Unda odamlar qalbidagi haqiqatlar aks etishi kerak. Shu ma’noda bugungi o‘zbek jamiyati o‘ziga xos evrilish bosqichida turibdi, buni fikrlaydigan kishi borki, yaxshi his qilyapti. Savolim shunday, nega bugun she’riyatimizda mana shu davr ruhi aks etmayapti? Nahotki she’riyat bugun o‘z missiyasini unutgan bo‘lsa?

- She’r haqiqatan ham davr ovozi. Lekin u bir davrdagina qolib ketadigan ovoz emas. U yana olis zamonlarga ham boradigan ovoz.

She’riyatda davr ovozi aks etmog‘i uchun avvalo muayyan bir bosqich, tiniqish, davrning inqilobi, evrilishi nimalardan iborat ekanligini anglash, uni qalbga singdirish zarur bo‘ladi.

Agar biz davr ruhini she’riyatda aks ettirmoqchi bo‘lsak, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishimiz ham mumkin.

O‘tgan mustabid davrdagi kabi adabiyot va she’riyat nog‘ora, ijodkor esa nog‘orachiga o‘xshab qolishi kerak emas.

Adabiyot haqida gapirganda faqat she’riyat emas, nasriy ijod haqida ham to‘xtalish lozim. 

Bir necha oy avval Fanlar akademiyasi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.

O‘sha tadbirda gapirilgan gaplar faqat o‘zbek minbarida emas, balki jahon minbarlarida gapiriladigan gaplar bo‘ldi. Masalan, akademik Baxtiyor Nazarov Chingiz Aytmatov asarlaridagi mohiyat naqshbandiya tariqatining ulug‘ arbobi hazrati shayx Yusuf Hamadoniyning g‘oyalariga muvofiq ekanligiga dalillar keltirdi.

Atoqli olim Ibrohim G‘ofurov adib ijodidagi olamshumul mavzular haqida gapirdi. Yoki Ahmadjon Meliboyev Chingiz Aytmatov ijodidagi urush va tinchlik mavzulari to‘g‘risida chiroyli fikrlarni bildirdi.

Kamina ham o‘sha tadbirda Chingiz Aytmatov ijodidagi ma’rifiy mavzular haqida o‘z qarashlarini bildirdi. Chindan ham, adib Qur’oni Karimdagi ba’zi oyatlarni o‘qimagan bo‘lishi mumkin, ammo Chingiz og‘a ijodida o‘sha oyati karimalarga muvofiq keladigan ba’zi so‘zlarni misol keltirish mumkin.

Demak, adabiyotning mohiyatini anglamog‘imiz uchun bizga ma’lum davr kerak bo‘ladi. Chingiz Aytmatovning vujudi hozir yo‘q bo‘lishi mumkin, lekin u kishi o‘z asarlari bilan bizning hayotimizda ishtirok etib yuribdi.

Yuqorida aytganimizdek, she’riyatni davr ovozi dedikmi, bu ovoz o‘sha davrga qarsak chaladigan, uni olqishlaydigan, uning mafkurasini bugun maqtab ertaga tanqid qiladigan o‘yinchiga aylanib qolmasligi kerak.

Bu ovoz yillar, asrlar davomida xalq bilan yashaydigan erkin ovoz bo‘lib qolishi kerak, deb hisoblayman.

- Mirzo Kenjabek – bir paytlar o‘zbek she’riyati olamiga yonib kirib kelgan, o‘zining olovli she’rlari bilan (turli mavzularda) ko‘pchilikning mehriga, hurmatiga sazovo bo‘lgan shoir. Ijodingiz gurkiragan shunday yillardan birida siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida ish boshlagansiz. Ammo bu lavozimda ko‘p ishlamagansiz. Balki siz o‘sha muhitdan izlaganingizni topolmagandirsiz, balki sizni o‘sha joyga chaqirilishingizdan kutilgan missiya bajarilmagandir, lekin meni bular emas, boshqa narsa qiziqtiradi.

Nega o‘sha lavozimdan ketgandan keyin ijoddagi o‘z uslubingizni butunlay o‘zgartirib ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ijod qila boshladingiz? Bunday keskin burilishning sabablari nimalar edi?

- Rahmat, sizning bu kuzatishlaringiz meni albatta, taajjublantirdi. To‘g‘risini aytay, Prezident devonida ishlagan yillarimni o‘zim uchun sharaf deb hisoblamayman. Bu men uchun xijolatli bir davr edi.

Mening xijolatli davrim edi. Nima uchun? Men partiya, siyosat maktabini ko‘rmagan yigit bo‘lganman. Bizda ko‘proq betgachoparlikka o‘xshash, hayotning kachiliklarini yurtning kattasiga ochiq-ochiq aytishga o‘xshagan hollar ko‘p bo‘lardiki, bu siyosiy doirada yetishgan shaxslarning odobiga unchalik muvofiq kelmas edi.

Men u yerda o‘z muhitimni topolmadimmi? Bunday demagan bo‘lardim. Devon o‘z nomi bilan malakatni boshqaradigan markaz. Lekin men o‘zimni amalga oshirolmagan ishlarimdan xijolatdaman. Xo‘sh, nega menda chekinishga o‘xshash holat bo‘ldi yoki she’rlarimda ma’rifiy ruh paydo bo‘ldi?

O‘sha davrda hazrati imom Buxoriyning «Al-Jome as-Sahih» kitobi mening muharrirligimda nashr etildi. Asarning mohiyati, buyukligi va ruhiy qamrovi hayotimda juda katta burilish yasadi.

O‘tgan ulug‘larimiz, masalan, mavlono Jaloliddin Rumiy hayotidan bir misol: U kishi hazrat shayx Shams Tabriziyni topgunga qadar boshqa bir davrni yashadilar va u kishini topgach boshqa bosqichdagi davrni yashadi, degan so‘zlar tasavvuf kitoblarida keladi.

Men ham Alloh nasib etib, naqshbandiya sulukining ruhidan bahramand bo‘ldim, bu esa mening ruhoniyatimda ba’zi bir o‘zgarishlarga olib keldi.

Bundan tashqari, ochiq aytish kerak, o‘zimni oq qilib ko‘rsatish uchun gapirmayapman, lekin ko‘p hayotiy narsalardan ko‘nglim qolgan. Xo‘sh, biz nega qo‘limizdan keladigan narsalarni qilishga qodir bo‘lmadik? Nima bizni mahdud bo‘lib yashashga majbur qildi? O‘zimizni jamiyatdan olib qochishga nima majbur qildi? Biz boshimizga siyosiy to‘qmoq tushadi degan qo‘rquv bilan qachongacha yashashimiz mumkin?

Jamiyatdagi nohaqlik bo‘lib tuyulgan ana shu narsalar, odamlar orasidan dushman qidirish kayfiyatlari meni xalq tili bilan aytganda “qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish”ga majbur qildi.

Bu narsalarga aralashmagan ma’qul ekan, degan fikrga keldim.

Bir insonning qalb ozodligi bilan yashashi, o‘z ruhiy hurriyati bilan yashashi, o‘z ozod so‘zi bilan yashashi qiyin bo‘lgan sharoitlarda ba’zan inson o‘z-o‘ziga biqinib, o‘z-o‘ziga chekinadigan holatlar ham bo‘ladi.

Men o‘sha davrlarda “Dunyo siznikidir” sarlavhasi bilan ba’zi dunyodorlarga atab bir she’r yozganman. Mana shu she’r balki mening mohiyatimni ochishga xizmat qilar.

Dunyo siznikidir, kiring qatiga!

Mening ozuqamdir xo‘rlik, haqorat.

Men elning muborak malomatiga,

Qutlug‘ ta’nasiga qilgum tahorat.

Na do‘st, na qo‘llovchi biror kishim bor,

Qiyomat kun kabi muhtojman Haqqa.

Dunyo siznikidir, nima ishim bor,

Garchand og‘riqlarim yetgay suyakka.

Borliq siznikidir, yastaning iyib,

Dod demam hech ahli olam dastidan.

So‘zlagim kelsa gar, dunyoni qo‘yib,

So‘zlayman yo osmon, yo yer ostidan.

Quloqni keltiring, mayli, qomatga,

Bordir na da’vomiz, na dil komimiz.

Xalal bersa sizning istiqomatga,

Bitsin shuhratimiz, o‘chsin nomimiz.

Qani, kim kiyarkan yo‘qlik abosin,

Ibrohim Adhamdek, jazb etib visol!

Ul yechib dunyoyu davlat libosin,

Oxirat xirqasin kiygani misol!

Bu borliq, bu kibor halovat, havas

Sizgadir, ishratlar, baxmal, barqutlar.

Bas, endi angladim, menga kerakmas,

Namrud, Fir’avndan qolgan sarqitlar.

Dunyo siznikidir, mana – quruq tan,

Menga o‘limning ham yo‘qdir ziyoni.

Bu moddiy dunyoda men yo‘qman, zotan,

Bo‘shatib berganman sizga dunyoni!..

-        Shahid safdoshlaring qabri nur bo‘lgay,

Haqning qotillarga qahri zo‘r bo‘lgay.

Agar tadbir ustun, yurak tosh bo‘lur,

Bu yovuz nayranglar bir kun fosh bo‘lur.

Mirzo aka, men 1989-1990 yillarda Farg‘ona voqealari tahliliga bag‘ishlangan “Fitna san’ati” nomli maqolangizdan o‘rin olgan she’ringizni o‘qidim. Nima deysiz, she’rda aytganingizdek, Farg‘ona voqealari o‘zining asl yuzi bilan fosh bo‘ldimi?

- Bu savol men uchun juda muhim. Men o‘sha paytda “Fitna san’ati” nomli maqola yozdim. Bugun mana shu voqealarning qisqa mohiyatini aytishga zaruriyat bor. Chunki o‘zbek va mesxeti turk xalqlari o‘rtasiga sovuqchilik solgan bu qonli voqealar hali asl yuzi bilan fosh bo‘lgani yo‘q.

O‘sha paytda bu maqola davr ehtiyoji bilan katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto boshqa tillarga ham tarjima qilindi.

Men bu yerda ikki buyuk turkiy xalqning shoni sharafini ham eslab o‘tishim kerak.

Bu voqea shunday bo‘lganki, o‘sha paytda Rossiya qishloq xo‘jaligi sohasi juda oqsab qolgan.

Hatto Rossiya gazetalarida ham yosh rus yigitlarida yer tuyg‘usi qolmadi, deya ko‘plab tanqidiy maqolalar chop etilgandi. Bular sal katta bo‘lishi bilan o‘zini shaharga uradigan bo‘lib qoldi, natijada qishloq xo‘jaligi oqsab qoldi.

Keyin rus olimlari va madaniyat arboblarining 1989 yilning dekabrida o‘tgan «Qayta qurish va Rossiya taqdiri» deb nomlangan ilmiy-nazariy konferensiyasi rus xalqiga murojaat qabul qildi va bu da’vatni «Millat beshigini qayta tiklaylik» («Vozrodim kolibel nasii») sarlavhasi bilan matbuotda chiqarishdi.

Anjuman murojaatida, asrlar davomida ulug‘ rus elati, keyinchalik esa millati asosiy qismining mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lib kelgani ta’kidlanadi, istovchilar o‘z tug‘ilgan qishloqlariga qaytib, xo‘jalik yurgizishlari uchun sharoit yaratib berishga sovet hukumati da’vat etiladi.

Bular bilan ish bitmadi. Natijada ular boshqacha yo‘l tutishga majbur bo‘lishdi.

Ular turli mamlakatlarning rasmiy gazetalarida Rossiyaning bo‘shab yotgan qishloqlariga «dehqon kerak», «buzoqboqar kerak», «molboqar kerak» degan e’lonlar yozishdi.

Ana shu chorlovlarga javoban «ishchi qo‘llari bisyor bo‘lgan» Farg‘ona vodiysidan, Namangan viloyatining aholi zich joylashgan tumanlaridan yuzga yaqin oila RSFSRning Kirov viloyatidagi bo‘m-bo‘sh xo‘jaliklariga ko‘chib ketdi. Ammo ularning ko‘pchiligi yana o‘z yurtiga qaytib keldi.

Oxir-oqibatda qishloq xo‘jaligini tiklash uchun bir mehnatkash xalq kerak bo‘ldi. Bu mehnatkash xalq O‘zbekistonda tinch-totuv yashayotgan mesxeti turklar edi.

Ularni Rossiyaga tinch yo‘l bilan ko‘chirib ketishning iloji yo‘qligi tufayli ssenariy qilinib, ssenariyga ko‘ra, ikki xalq o‘rtasida sovuqchilik tushirish reja qilindi.

O‘sha ssenariy bo‘yicha milliy matbuot markazi ham tashkil qilindi. Bu markaz faqatgina ikki xalq o‘rtasiga sovuqchilik solish, qo‘rqitish, yolg‘on axborot tarqatish va urush olovini kuchaytirish vazifasini o‘tadi. Unga mahalliy, haqiqatparvar jurnalistlardan birortasi kiritilmadi.

Oxir-oqibatda bu voqealar Bo‘ka va Piskentda ham qaytarildi. Shu fitna sabab mesxeti turklarning qolgan-qutganini ham ko‘chirib ketishga harakat qilindi.

«Kulfatda qolgan turklarning RSFSRning sakkiz viloyatiga ko‘chirish rejalashtirilgani», turklar esa bir viloyatga, keyin hatto uch viloyatga ko‘chirilishni iltimos qilganlari, shunga qaramay, uyushib yashashlariga yo‘l qo‘ymay, «bir qancha markaziy oblastlarga ko‘chirishga qaror qilingani» va turli xo‘jaliklarga tarqatib yuborilgani bunga dalolat emasmi?

Men shu o‘rinda bir voqeani eslaymanki, qo‘qonlik Abdulmajid Isoqov domla Moskvadan poyezdda kelayotganda mesxeti turklar bilan bir kupeda ko‘rishib qoladi. Shunda ularning o‘zlari e’tirof qilishadiki, bizni ishlatish uchun olib ketishgan ekan, biz bilmagan ekanmiz. Sizlar bizdan, biz esa sizdan xafa bo‘lmaylik degan ekan.

Demoqchimanki, bu birodar xalq o‘zining nima uchun ko‘chirib ketilganini keyinchalik bo‘lsa-da yaxshi anglagan, ammo bizda bu to‘polon, urushlar nega chiqarilganini va shu orqali ikki xalq badnom qilingani yetarli anglangani, fosh qilingani yo‘q.

O‘sha to‘polonlarda o‘z huquqlarini talab qilgan Qo‘qon yigitlari haqida yozilgan she’rni eslab o‘tdingiz. Agar o‘sha davr manzarasini eslash lozim bo‘lsa, «Qo‘qon yigitlariga» degan she’r bilan suhbatimizni bu qismini yakunlasam.

Qo‘qon yigitlariga bag‘ishlov

O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,

Qaddingizni rostlang, tinsin ohingiz.

Ozod avlodlarga sajdagoh bo‘lur

Haqiqat maydoni – qatlgohingiz!

Sizni o‘qqa tutgan vahshiy to‘dalar

Bu kun do‘st atalar, odil atalar.

Lashkari, quroli borlarga chidang,

Ustuni qulagan osmon otalar!

Aybingiz – o‘zlikni taniganingiz,

Xato – adl bor deb sanaganingiz.

Gunoh – haqqingizni so‘raganingiz,

Eng ulug‘ aybingiz – zo‘r ekaningiz!

O‘lgan har jon bilan siz ham o‘ldingiz,

Men ham tirik turib burda-burdaman.

Faryodim o‘liklar faryodi hamdir,

Men – qabr ichidan kelgan murdaman!

O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,

Nidosi yarador o‘lmas dardlarim!

Sizga o‘q otganlar nidoni otdi,

Haqiqatni otdi, Xudoni otdi.

Shahid safdoshlarning qabri nur bo‘lgay,

Haqning qotillarga qahri zo‘r bo‘lgay.

Agar tadbir ustun, yurak tosh bo‘lur,

Bu yovuz nayranglar bir kun fosh bo‘lur.

O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,

Qaddingizni rostlang, tinsin ohingiz.

Ozod avlodlarga sajdagoh bo‘lur

Haqiqat maydoni – qatlgohingiz!..

Shoir Mirzo Kenjabek suhbat davomida shuningdek, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 1989 yil voqealari, nafs tarbiyasi, e’tiqodsizlik va mutaassiblik o‘rtasidagi oraliq nima bo‘lishi, davlat tili to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!