Miraziz Bozorovga qo‘shimcha ayblov e’lon qilindi

Miraziz Bozorovga qo‘shimcha ayblov e’lon qilindi

Bloger Miraziz Bozorovga nisbatan JKning «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish»ga oid moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Dastlab jinoyat ishi 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilarining jamoaviy arizasi asosida ochilgandi. Endi jabrlanuvchilar qatorida Bozorov unga qarshi obunachilarini «jazolash»ga chaqirganini ta’kidlagan uch nafar bloger ham bor.

29 apreldan beri uy qamog‘ida bo‘lgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» bo‘yicha ayblov e’lon qilindi, deb «Gazeta.uz»ga uning advokati Sergey Mayorov xabar berdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» poytaxt IIBBga tayanib, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilib, fuqarolardan 28 ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgani haqida yozgan edi.

Bayonotga asosan, bloger internetda joylagan videolarida «ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otgan».

Advokat Sergey Mayorovning ta’kidlashicha, Miraziz Bozorovga «uch nafar bloger» ishi bo‘yicha ham qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan.

«Dastlab 28 aprel kuni u tuhmat qilishda gumon qilinayotgani to‘g‘risida qaror chiqdi. U gumonlanuvchi maqomida bo‘lgan. Arizada faqat 110-maktab o‘qituvchilari haqida so‘z yuritilgandi. Qonun bo‘yicha agar ehtiyot chorasi tayinlangan bo‘lsa, 10 kun muddatda ayblov e’lon qilinishi kerak. Shuning uchun 8 may kuni unga nisbatan 110-maktabning o‘qituvchilari hamda Bozorovga ta’qib boshlagan uchta blogerning arizasiga binoan tuhmat qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi», — dedi himoyachi.

Miraziz Bozorovning o‘zi Telegram-kanalida uchta bloger — Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy), Shuhrat Musayev va Abusolih Salimov (AbuSolih Fox) nomini aytib o‘tgan. Uning qayd etishicha, blogerlar o‘z obunachilarini unga qarshi «qo‘zg‘agan». U, shuningdek, aytilgan blogerlardan biri «o‘ldirishga chaqiriq bilan» uning aniq manzilini e’lon qilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish idoralariga qilgan murojaatlariga e’tibor berilmagan.

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi oldidakaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o‘zida u erda LGBT ga qarshi aksiya bo‘lib o‘tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b,a» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi. Bir guruh erkaklar ko‘chadan o‘tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Bloger shifoxadan chiqqach, unga 29 aprel kuni tahminan soat 23:15larda Mirobod tuman sudi tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi. Uning advokati Sergey Mayorov esa sud qarori ustidan apellyasiya shikoyatini kiritgan, biroq u qanoatlantirilmagan.

Juma kuni Toshkent shahar IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e’lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!