“Makarov to‘pponchasi bor, olasizmi?”

“Makarov to‘pponchasi bor, olasizmi?”

deb haqiqatdan ham otish uchun yaroqli bo‘lgan “Makarov” rusumli to‘pponchasini o‘qdoni bilan 400 AQSh dollariga sotgan vaqtida 59 yoshli marg‘ilonlik Akramjon Salayev qo‘lga tushdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996 yil 27 fevraldagi “Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 3-sonli qarorining 8-bandini beshinchi xatboshisida o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini o‘tkazish deganda ularni har xil usullarda tarqatish (sotish, o‘zgaga berish, hadya etish, qarzi evaziga berish, qarzga berish va sh.k)ni tushunish lozimligi haqida rahbariy tushuntirish berilgan. Boshqacha aytganda, bugungi kunda yurtimizda yashovchi har bir yoshi katta ongli kishilar o‘q otar qurollar bilan muomala qilish, ularni qonunga xilof tarzda saqlash jinoyat ekanligini juda yaxshi biladi. Chunki, so‘nggi yillarda, ommaviy axborot vositalari orqali joylardagi IIBlar fuqarolardan o‘zlarida bo‘lgan ov qurollarini topshirishlarini so‘rab ko‘p bora murojaatlar bilan chiqdi, o‘z ixtiyori bilan qurol-yarog‘larni topshirgan fuqarolarga jinoyat ishi ochilmadi…

2020 yil 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida sudlanuvchi Akramjon Salayev o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash jinoyat ekanligini bilganini, lekin kelgusida to‘pponchani sotib, puliga nogiron qizini davolatish maqsadida saqlab kelganini, qilmishidan pushaymonligi va keksa yoshda ekanligini inobatga olib, yengillik berilishini so‘radi.

Vaholanki, A.Salayevdan olingan bir dona SG867-seriya raqamli to‘pponcha sobiq SSSRning Ijevsk shaxridagi “Ijevsk mexanika zavodi”da 1954 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, narezli o‘qotar qurol hisoblangan, 9 mm. kalibrli, “Makarov” konstruksiyali ushbu to‘pponcha jangovar o‘qotar qurollar turkumiga kirib, mazkur to‘pponcha taqdim etilgan holda texnik soz va otish uchun yaroqliligi, to‘pponcha stvoli oxirgi tozalanganidan keyin o‘q otilmaganligi, taqdim etilgan to‘pponchani tepkisini bosmasdan biror joyga urilib, tashlab yuborilishi natijasida o‘z-o‘zidan otilishi mumkin emasligi sud-ballistik ekspertizasining 2019 yil 9 sentyabrdagi 270-sonli xulosasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Xo‘sh, “59 yoshli Akramjon Salayevning qo‘liga ushbu “Makarov” rusumli, otishga yaroqli to‘pponcha qanday tushib qoldi?” degan savol gazetxonlarimizni qiziqtirishi tabiiy.

Sud jarayonida A.Salayevning ko‘rsatma berishicha, 2015 yil bahor faslida o‘zi qorovul bo‘lib ishlab kelayotgan Marg‘ilon shahridagi “Uzunhovuz” mahallasidagi jamoat hammomining orqa tarafiga poydevor qurish uchun yollanma mehnat bilan shug‘ullanuvchi bir necha kishilarni olib kelib tozalattirish ishlarini boshlagan. Ishchilar tushlikka chiqqan vaqtlarida ular kovlagan joydagi tuproq va ko‘mir qoldiqlarini o‘zi ketmon bilan olib tashlamoqchi bo‘lgan. Tuproqni olayotganida, qora matoga o‘ralgan narsa chiqqan. Matoni ochib qaraganida, bir dona to‘pponcha va uning o‘qdoni bor ekan. Lekin o‘qdonda o‘qlari bo‘lmagan, shundan so‘ng o‘zi ushbu o‘qotar qurolni yashash uyiga olib kelib, o‘zi yotadigan divan ostiga yashirib qo‘ygan. Oila a’zolari bu haqida bilishmagan.

Yashirincha giyohvandlik moddalarini uzoq yillardan buyon iste’mol qilishga ruju qo‘ygan A.Salayev, 2019 yilning yoz oyida Qo‘shtepa tumanining Langar qishlog‘idagi katta yo‘l yoqasida o‘sgan teraklar ostida yovvoyi holda o‘sib turgan nasha o‘simligining tanasini va barglarini yulib kelib, uyida quritib, o‘zining iste’moli uchun saqlab kelgan.

2019 yil sentyabr oyining boshlarida “Uzunhovuz” mahallasida joylashgan “G‘o‘sal A’zam pirim” ziyoratgohiga kelgan “Ibrohimjon” ismli shaxs bilan tanishib qoladi va unga o‘zida to‘pponcha borligini, sotmoqchi ekanligini aytadi. “Ibrohimjon” undan to‘pponchani ko‘rsatishini so‘raganida, unga to‘pponchani ko‘rsatadi. “Ibrohimjon” o‘zining uyali telefonida to‘pponchani fotosuratga olib oladi va oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng “Ibrohimjon” uning uyiga kelib, to‘pponchani ko‘zdan kechirib, uni o‘qdonini chiqarib ko‘radi. So‘ng unga to‘pponchani yaxshi pulga sotib berishi mumkinligini, xaridor borligini, to‘pponchani xaridorga ko‘rsatish kerakligini aytadi. Adhamjon rozi bo‘lgach, 2019 yil 7 sentyabr kuni soat 16:00larda “Ibrohimjon” unga qo‘ng‘iroq qilib, bir soatlarda uning uyiga kelishini, to‘pponchani sotib olmoqchi bo‘lgan xaridorni ham olib kelishini, to‘pponchani tayyorlab qo‘yishini aytadi. A.Salayev to‘pponchani matoga o‘rab tayyorlab, yashash uyi oldiga chiqib, ijara asosida boshqarib yuradigan “Matiz” rusumli avtomashinasini ustiga qo‘yib, ularni kuta boshlaydi. Soat 17:00larda “Ibrohimjon” notanish shaxs bilan keladi va notanish shaxs o‘zini Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod shahridan kelganligini aytib, undan to‘pponchani ko‘rsatishni so‘raydi. Unga to‘pponchani berganida, notanish shaxs uning avtomashinasiga o‘tirib, to‘pponchani ko‘zdan kechira boshlaydi. So‘ng to‘pponcha uchun 400 AQSh dollari berishini aytadi. Adhamjon rozi bo‘lib, undan 400 AQSh dollarini olib, chap cho‘ntagiga solib qo‘yishi bilan uning oldiga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelishib, uni ushlashadi va xolislar ishtirokida uning yonidan 400 AQSh dollarini olishib, shu kuni uning uyini tintuv qilishib, yotoqxonasidagi isitish pechi ustida saqlab kelayotgan giyohvandlik vositasini ham topishadi va giyohvandlik vositasini ham ashyoviy dalil tariqasida olishadi.

Sud-kimyoviy ekspertizasining 2019 yil 9 sentyabr kungi 423-sonli xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi A.Salayevning yashash xonadonidan tintuv jarayonida olingan yashil rangli, quritilgan holdagi, o‘ziga xos xidga ega bo‘lgan moddalar tarkibida faol giyohvand modda – tetrogidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu “marixuana” deb ataluvchi giyohvand vositalar turkumiga kirishi, quritilgan holdagi marixuananing sof og‘irligi 61 grammni tashkil qilishligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyat narkalogiya dispanserining 2019 yil 7 oktyabr kungi 167-sonli xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi A.Salayevda “Giyohvandlik kannabis (nasha chekish)” kasalligi aniqlanganligi, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasini qo‘llashga muhtoj ekanligi xulosa qilingan.

Sud jarayonida sudlanuvchi A.Salayevning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, 59 yoshdaligi, oilaviy sharoiti va boshqa yengillashtiruvchi hamda og‘irlashtiruvchi holatlar e’tiborga olingan holda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, sodir etgan jinoyatlari uchun belgilangan ozodlikdan mahrum qilishning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlashni lozim topdi. Va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismiga asosan, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga asosan A.Salayevga jazoni o‘tash joylarida giyohvandlik kasalligidan majburiy tartibda davolash choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Odiljon ISMOILOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar sudining raisi.

Husniddin ODILOV, sudya yordamchisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!