JCH-2018. Xorvatiya keyingi bosqichda, Argentina musobaqani tark etishi mumkin

JCH-2018. Xorvatiya keyingi bosqichda, Argentina musobaqani tark etishi mumkin

Argentina va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yuqori suratlar ostida va ancha asabiy o‘tdi.

Sampaoli shogirdlari to‘pni ko‘proq o‘z nazoratlarida ushlab, kombinasion hujumlar tashkil qiligan bo‘lsalar, xorvatlar qarshi hujumda raqibni ancha qiynab qo‘yishdi. Tanaffusga qadar jamoalar kamida 2 martadan golga tortadigan vaziyat yaratishdi.

Bahsning 5-daqiqasidayoq hisob ochilishi mumkin edi. Perishich chap qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirib, olis burchak tomon zarba berdi. Kabalyero qo‘llarining uchi bilan xavfni bartaraf etdi. Argentinaliklar esa oradan ko‘p o‘tmasdan 2ta xavfli hujum bilan javob berishdi. Dastlab yuqoridan yetkazilgan uzatmani Lionel Messi deyarli darvozabon bilan yuzma-yuz vaziyatda o‘ziga bo‘ysundira olmadi. Oradan bir daqiqa o‘tib uyushtirilgan hujumni Messi boshlab berdi. Uning pasidan keyin Salvio o‘ng qanotdan oldinga o‘tdi va jarima maydonchasiga uzatma berdi. Mesaning zarbasidan keyin to‘p Lovrenning boshidan maydonni tark etdi. Aks holda gol bo‘lish ehtimoli yuqori edi. 

O‘yinning 30-daqiqasida Argentinada yana bir ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Aguero raqib jarima maydonchasi ichida himoyachi bilan to‘p uchun kurash olib borib, to‘pni olib qo‘ydi va darvoza oldiga uzatma berdi. Vida to‘pni qaytardi. Peres esa to‘pni egallab olib, deyarli bo‘sh qolgan darvozaga 14 metrdan aniq zarba bera olmadi. To‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.

Oradan 3 daqiqa o‘tib Manjukich ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadi.  Yuqoridan Argentina darvozabon maydonchasiga uzatma berildi. Mario yuzma-yuz vaziyatda bosh bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ya olmadi! Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda yevropaliklarda qarshi hujumda yaxshi vaziyat yaratishdi. Modrichning uzatmasidan keyin Rebich yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Ante jarima maydonchasi tashqarisidan zarba berishga qaror qildi. Ancha noaniq: to‘p yuqoriga ko‘tarilib ketdi.

Ikkinchi bo‘limda esa argentinalik posbon Vilfredo Kabalyero "qovun tushirdi". Himoyachi tomonidan o‘ziga yetkazilgan uzatmani tepib yuborish o‘rniga darvozabon ro‘parasida turgan Rebichga berib qo‘ydi. Ante kuchli zarba bilan darvzani ishg‘ol qildi.

Oradan 10 daqiqa o‘tib janubiy amerikaliklar hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. Iguain bergan pasdan keyin Mesa 7-8 metrdan zarba berdi. Suabshich qaytargan to‘pga Maksimilianoning o‘zi yetib keldi va Messiga uzatma berdi. Leoning darvozagacha 2 metrdan zarbasi yo‘liga Rakitich oyoq qo‘ydi va jamoasini qutqardi.

Uchrashuvning so‘nggi 10 daqiqasi Zlatko Dalich shogirdlari uchun omadli keldi. Dastlab Luka Modrich olis masofadan aniq zarba berib, hisobni 0:2ga yetkazgan bo‘lsa, so‘nggi daqiqalarda Ivan Rakitich jamoasining qarshi hujumini samarali yakunlab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi.

Ushbu g‘alabadan keyin Xorvatiya 6 ochko bilan nimchorak final masalasini hal qildi. Argentina esa musobaqa bilan xayrlashish xavfi ostida qoldi. Ertaga Nigeriya Islandiyani mag‘lub etsa, Argentina so‘nggi turda afrikaliklarni yengish orqali pley-offga chiqishi mumkin. Aks holda Messi jamoadoshlarining taqdiri o‘z qo‘llarida bo‘lmay qoladi. 

JCH-2018. "D" guruhi, 2-tur
Argentina – Xorvatiya 0:3 (0:0, 0:3)
Gollar: 0:1 – 53 Rebich, 0:2 – 80 Modrich, 0:3 – 90 Rakitich. 
Argentina – Kabalyero, Otamendi, Merkado, Talyafiko, Maskerano, Peres (Dibala, 68), Salvio (Pavon, 56), Mesa, Akunya, Messi, Aguero (Iguain, 54).
Xorvatiya – Subashich, Lovren, Strinich, Vrsalko, Vida, Modrich, Brozovich, Perishich (Kovachich, 82), Rakitich, Rebich (Kramarich, 57), Mandjukich (Chorluka, 90).
Ogohlantirishlar: Rebich (39), Merkado (51), Mandjukich (58), Vrsalko (67), Otamendi (85), Akunya (87), Chorluka (90).
Bosh hakam: Ravshan Ermatov (O‘zbekiston)

Manba: stadion.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!