Intellektual mulkdan noqonuniy foydalanganlik uchun tovon to‘lash tartibi joriy etiladi

Intellektual mulkdan noqonuniy foydalanganlik uchun tovon to‘lash tartibi joriy etiladi

Iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalarini joriy etish ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshiradi.

Shu bois mazkur faoliyatga oid mexanizmlar takomillashtirilmoqda. Intellektual mulkni ishonchli tarzda huquqiy himoya qilishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini ta’minlash joiz. Jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish hamda fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini ta’minlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash zarurati yuzaga kelgan.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi. «Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Intellektual mulkning ta’sirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilinishini ta’minlash ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgani aytib o‘tildi.

Qonun bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk ob’ektidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashadi. Shuningdek, huquqbuzarliklar sonining kamayishiga hamda intellektual mulkning himoya qilinishini kuchaytirishga va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Senatorlar, mahalliy kengashlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!