Farg‘onada bir oilaning to‘rt a’zosini o‘ldirib, 23 yil jazodan qochib yurgan shaxs umrbodga qamaldi

Farg‘onada bir oilaning to‘rt a’zosini o‘ldirib, 23 yil jazodan qochib yurgan shaxs umrbodga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida 4 nafar shaxsni o‘ldirib, 23 yil jazodan qochib yurgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, sulanuvchi o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoyatni sodir etilishini osonlashtirish maqsadida ikki va undan ortiq shaxslarni tamagirlik hamda o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish haqida jinoiy reja tuzib, 2001 yil 25 avgust kuniga o‘tar kechasi pichoq va bolta bilan qurollanib, jabrlanuvchilar yashaydigan hovliga yarim kechasi kirgan. Uy egalari uxlab yotganidan foydalanib, bir oilaning 4 nafar a’zosini bosh, yuz va bo‘yin sohalariga boltaning orqa qismi va pichoq bilan ko‘p marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng, jabrlanuvchilardan birining qo‘lida bo‘lgan qora rangli agat toshli erkaklar uzugini, bo‘ynidagi 45 santimetrli tilla zanjirini, xonadonda bo‘lgan ko‘plab tilla-taqinchoqlar va pul mablag‘larini bosqinchilik yo‘li bilan olib chiqib hodisa joyidan yashirinib, Rossiyaga chiqib ketgan.

2022 yil 18 oktyabr kuni sudlanuvchi qidiruvda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan va jinoyat ishining unga nisbatan qismi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

2 aprel kuni apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan sud majlisida, unga jinoyatlar majmui bilan uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!