O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 30 aprel kuni Janubiy Koreya Milliy assambleyasining Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot qo‘mitasi raisi Shin Dong Ginni qabul qildi.

Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, parlamentlararo aloqalarning amaldagi holati va kelgusidagi rivoji, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda rejalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun mavjud salohiyatdan foydalanish lozimligi aytib o‘tildi.

Muloqot davomida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yangi loyihalarni jumladan, hamkorlikda yangi tibbiyot markazlarini tashkil etish, farmasevtika klasterlarini ishga tushirish, kadrlar tayyorlash, hududiy tibbiyot muassasalarini ilg‘or uskunalar bilan jihozlash yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida keyingi yillarda parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani, do‘stlik guruhlarining yaqin muloqoti yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlisi Senatida Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus komissiyaning tuzilgani respublika rahbariyati tomonidan ikki tomonlama hamkorlikka katta e’tibor qaratilayotganining ifodasi ekani e’tirof etildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar va qo‘shma loyihalarning ushbu komissiya doirasida muhokama qilinishi ularning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishiga ko‘mak berayotgani aytib o‘tildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Koreya Respublikasi Milliy assambleyasining Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot qo‘mitasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali onalar va bolalar salomatligi, reproduktiv ko‘rsatkichlarni yaxshilash, irsiy kasalliklarning oldini olish, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari uchun volontyorlarni jalb qilish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!