Toshkent viloyatida noqonuniy mayning qurilmalardan foydalanish holatlari fosh etildi

Toshkent viloyatida noqonuniy mayning qurilmalardan foydalanish holatlari fosh etildi

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish va bu boradagi noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida uzluksiz nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatida joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan ana shunday nazorat tadbirlarida kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha 17 ta holat aniqlandi.

Unga ko‘ra, mayning firmalar tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani natijasida davlat manfaatlariga jami 16 milliard 553 million so‘m zarar yetkazilgan.

“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Parkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro P.O. ga qarashli dala hovlida mayning qurilmalarning o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanishi natijasida davlat manfaatlariga 3 milliard 476 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro I.N ga qarashli xonadonda ham hech qanday ruxsatnomasiz mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, 1 milliard 19 million so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani aniqlandi.

Ayni paytda “O‘zenergoinspeksiya” va qator tegishli tashkilotlar hamkorligida aniqlangan mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, inspeksiya nafaqat elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish, balki AGTKShlar faoliyatida me’yor va qoidalarga amal qilmaslik holatlarini aniqlamoqda.

Masalan, yaqinda inspeksiyaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Andijon tumanida joylashgan «O.T.G.» MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi faoliyati o‘rganildi. Unda shoxobchada o‘rnatilgan texnologiya jarayonlarining amaldagi me’yor va qoidalarga muvofiqligi, tabiiy gazni qabul qilib olish, saqlash, tarqatilish holatlariga ahamiyat qaratildi.

Aniqlanishicha, ushbu AGTKSh faoliyatida aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Hozirda ushbu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar mazkur AGTKSh tabiiy gaz ta’minotidan ajratilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu kabi nazorat tadbirlarini o‘tkazishdan maqsad iste’molchilarni tabiiy boyligimiz bo‘lgan energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga undashdir. Ular bu boradagi har qanday noqonuniy holatga tegishli organlar tomonidan huquqiy baho berilishi va qonunda belgilab qo‘yilgan me’yorlar asosida javobgarlikka tortilishi muqarrar ekanligini zinhor unutmasligi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!