Bosh prokuratura: 3,5 mingdan ziyod jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazildi

Bosh prokuratura: 3,5 mingdan ziyod jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazildi

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 828,4 milliard so‘m undirildi.

Prokuratura organlari aholi manfaatlarini, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ma’lumot berdi:

– Prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oila, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 243 ming 456 nafar xotin-qiz va 18 ming 84 nafar yoshlarga ko‘mak berish ishlari davom ettirildi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor kuchaytirildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 731 nafar yoshning ish bilan ta’minlanishida, 406 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida, 2 ming 871 nafari o‘zini o‘zi band qilishida, 2 ming 369 nafarining turli kurslarida o‘qitilishida va 6 ming 407 nafariga kontrakt puli to‘lab berilishida ko‘maklashildi.

1,2 mingdan ziyod mahallaga prokuratura xodimlari biriktirilib, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda yoshlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi. Xatlov yakunlariga ko‘ra, 500 mingga yaqin otaliqqa olinadigan yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi. Bu jarayonda “og‘ir”, “jinoyat sodir etishga moyil” va “ishsiz” yoshlarning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Aholi bandligini ta’minlash sohasidagi vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu boradagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 258 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonunbuzilishi bo‘yicha 25 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 984 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. Ushbu sohada o‘tkazilgan o‘rganishlarda 26 mingdan ziyod yangi ish o‘rni hisobotlarda qo‘shib yozilgani aniqlandi va aybdor shaxslar javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, kechiktirilgan 400 million so‘m ish haqi undirib berildi. 257 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 2 ming 693 nafar fuqaro o‘ziga mos ish topishga muyassar bo‘ldi.

Tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 801 nafar tadbirkorga 165 milliard so‘mlik kredit, 289 nafariga lisenziya va ruxsatnoma berilishida, 1 ming 655 nafariga kommunikasiya tizimlariga ulanishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Prokuratura ko‘magi bilan 1 ming 146 yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. 2 ming 285 sub’ektning faoliyati tiklandi, 4 ming 402 yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlandi.

Bosh prokuror ko‘rsatmasi bilan yirik xorijiy investisiya loyihalariga viloyat prokurorlari hamda o‘rta loyihalarga tuman prokurorlari biriktirildi. Xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq 200 dan ortiq muammo “Tez yordam” tamoyili asosida bartaraf etildi.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yuzaga kelgan 155 muammoli masala aniqlanib, 61 tasi joyida bartaraf etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 94 muammoning hal etilishini ta’minlash bo‘yicha “Chora - tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.

Hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosi nazoratga olinib, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, bu borada joriy yilda byudjetdan 20,8 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi va 1,8 mingdan ziyod ob’ektda qurilish -ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Ko‘rilgan choralar natijasida loyiha hujjatlaridagi 1,3 trillion so‘mlik qiymat maqbullashtirilib, byudjetdan ortiqcha mablag‘ xarajat qilinishining oldi olindi.

Vazirliklarda byudjet intizomini mustahkamlash maqsadida Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzildi. Ular tomonidan amaldagi me’yorlarga nisbatan 3 ming 619 shtat birligi hamda boshqa to‘lovlarning noto‘g‘ri rejalashtirilgani aniqlanib, 452,1 milliard so‘m ortiqcha mablag‘ sarflanishining oldi olindi.

Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ko‘rilgan choralar natijasida mahallalarning 76 foizida jinoyat qayd etilmadi. 19,4 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi. Tezkor -qidiruv sohasida noaniq sharoitlarda sodir etilgan 6 ming 876 jinoyat fosh etilishi hamda qidiruvda bo‘lgan 2 ming 106 nafar shaxsning ushlanishi ta’minlandi.

Qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash choralari doirasida surishtiruv va tergov organlarining 17 ming 164 nafar shaxsga nisbatan 13 ming 686 jinoyat ishi o‘rganildi va sudlarga yuborildi. Prokuratura organlari tomonidan 3,5 mingdan ziyod jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazilib, 2 ming 23 jinoyat ishi sudlarga yuborildi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan 828,4 milliard so‘mlik zarar undirildi.

Bosh prokuraturaning elektron ish yuritish dasturi muntazam takomillashtirilmoqda. Raqamlashtirish bilan bog‘liq uchta yangi dastur amaliyotga joriy qilindi. “Elektron hukumat” dasturi doirasida vazirlik va idoralarning 75 dan ortiq axborot tizimi Bosh prokuraturaning axborot tizimi bilan integrasiya qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!