Diqqat! O‘zbekistonliklar uchun Umra safariga ruxsat berilgani rostmi?

Diqqat! O‘zbekistonliklar uchun Umra safariga ruxsat berilgani rostmi?

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov 5 yanvar kuni Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan «Umra – 2022» mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda Umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Shuningdek, ziyoratni yuqori darajada tashkil etish uchun «Abu Sarhad» hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.

«Shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois mo‘min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz.

Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo‘natiladi, Inshaalloh», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!