Buxoroda soliq xodimi oqlandi

Buxoroda soliq xodimi oqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudining 2014 yil 8 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, M.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasining 1-qismi bilan 4.805.250 so‘m, 209-moddasining 1-qismi bilan 9.610.500 so‘m jarima, JKning 45-moddasiga asosan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi, JKning 59-moddasi tartibida 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 9.610.500 so‘m jarima jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, M.Sultonov 2012 yildan boshlab DSIda ma’muriy amaliyot bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelib, tuman davlat soliq inspeksiyasida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni qonunga muvofiq yuritilishini nazorat qilish  vakolatiga ega bo‘lgan  mansabdor shaxs bo‘la turib, mansab mavqeidan past va g‘araz maqsadlarda foydalanib qonunga xilof ravishda, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, 2014 yili Buxoro tuman DSI jismoniy shaxslarni soliqqa tortish bo‘limi inspektori O.Sultonovdan Buxoro tumani hududida o‘tkazilgan qo‘shma reyd tekshiruvi davomida 80 V 177 NA davlat raqamli, “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi yo‘lovchilarga maxsus ruxsatnomasiz pullik xizmat ko‘rsatganligi va o‘zini tanishtirish, tegishli hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortib ketib qolganligi haqidagi hujjatlarni hamda avtomashinaning davlat raqamini rahbariyatning ruxsatisiz qabul qilib olib, xizmat vazifasi yuzasidan haydovchining shaxsini aniqlash, hujjatlarni to‘ldirish uchun ijrochiga qaytarmasdan “Soliq tekshiruvlari materiallarini, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi materiallarni ro‘yxatga olish” kitobiga kiritmasdan o‘zida saqlab kelib, huquqbuzarlikni sodir etgan Peshko‘ tumanida yashovchi fuqaro S.Haydarov bilan 2014 yil 15 iyul kunida Buxoro tumanidagi “Muhammad-Razzoq-Oliya” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli oshxonada uchrashib, yuqorida nomi ko‘rsatilgan transport vositasida aynan u tomonidan tegishli lisenziyasiz transport xizmati ko‘rsatilganligini aniqlagan bo‘lsada, uning ma’muriy javobgarlikka tortilmasligini ta’minlashi,  boshqaruvidagi avtomashinaning 80 V 177 NA davlat raqamini qaytarib berishi evaziga mazkur oshxonada muqaddam ovqatlanib kelganidan yuzaga kelgan 165.000 so‘mdan iborat bo‘lgan qarzlarini unga to‘lattirib, moddiy naf ko‘rgach 80V177NA davlat raqamli, oq rangli, “Damas” avtomashinasining egasi fuqaro Luqmon To‘xtamishevga nisbatan qonunga xilof ekanligini bila turib MJTKning 135-moddasi 1-qismi, 1763-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi haqida soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida soxta bayonnoma tuzib imzolab, soliq tekshiruvlari materiallarini, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi materiallarni ro‘yxatga olish kitobida ro‘yxatga olib, tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqishlik uchun 2014 yil 17 iyul kuni sudga yuborilishini ta’minlagan.      

Kassasiya shikoyatida, sudlangan M.Sultonov, aybsizligi haqida vajlar keltirib, sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 4-bandida, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Biroq, birinchi instansiya sudi sudlanuvchiga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan Qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 1-qismining dispozisiyasiga ko‘ra pora olish deganda davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning sakkizinchi bo‘limida atamalarning huquqiy ma’nosi ko‘rsatilgan bo‘lib, unga binoan davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs mansabdor shaxs hisoblanadi.

Biroq, jinoyat ishidagi hujjatlardan, chunonchi DSI ma’muriy amaliyot bosh mutaxassisi lavozimi yo‘riqnomasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2011 yil 11 noyabrdagi 329-sonli buyrug‘iga ilova qilingan “Davlat soliq xizmati organlarida soliq tekshiruvi materiallari hamda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga doir tuzilgan materiallar harakati to‘g‘risidagi Reglamentdan ko‘rinishicha, M.Sultonov mansabdor shaxs bo‘lmagan, ya’ni u Buxoro tuman DSI ma’muriy amaliyot bosh mutaxassisi sifatida tashkiliy-boshqaruv va ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan hamda yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolatli bo‘lmagan.

O‘z navbatida, ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, 2014 yil 28 iyun kuni Buxoro tuman DSI, YHXB, transport departamenti xodimlari tomonidan tuman hududida o‘tkazilgan qo‘shma reyd davomida “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi tegishli hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortganligi bois avtomashinaning 80 V 177 NA davlat raqami olinib, dalolatnomaga qayd etilib, mazkur hujjatlar bilan birga tuman DSIga olib kelinib, ma’muriy amaliyot bosh mutaxassisi M.Sultonovga topshirilgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 95-moddasining
1-qismiga binoan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligidan dalolat beruvchi hujjatlar va huquqbuzarlik predmetlarini Buxoro tuman DSI xodimlari tegishli asoslantirilgan qaror asosida olishlari lozim edi. Biroq bunday qaror chiqarilmasdan, shuningdek, haydovchiga taqdim qilinmasdan, mazkur modda talablari buzilgan.

Qolaversa, Soliq kodeksi 95-moddasining 1-qismi mazmunidan ko‘rinishicha hujjatlar yoki predmetlarni olib qo‘yish bunday hujjatlar soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligidan dalolat bersagina, predmetlar esa huquqbuzarlik predmetlari bo‘lsagina amalga oshirilishi mumkin. Biroq, ish holatlaridan ko‘rinishicha, avtomashinaning davlat raqami bunday turdagi hujjatlar yoki predmetlar toifasiga kirmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi MJTK 291-moddasi 1-qismining “a” bandiga ko‘ra, transport vositalari haydovchilari ushbu Kodeks 135-moddasi, 1763-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganda transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, 2014 yil 28 iyun kuni o‘tkazilgan tadbir davomida Damas avtomashinasi haydovchisi hech qanday hujjat ko‘rsatmagan bo‘lsada, Buxoro tuman YHXB xodimlari tomonidan avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilmagan, balki uning davlat raqamini yechib olish bilan cheklanilgan, xolos. Shuningdek, davlat raqami YHXB ixtiyoriga olinmasdan hamda haydovchining shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmasdan Buxoro tuman DSIga topshirilgan.

Sudlov hay’ati, yuqorida ko‘rsatilgan asoslardan kelib chiqib, M.Sultonov mansabdor shaxs bo‘lmaganligi, ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatiga ega bo‘lmaganligi, uning tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnoma rasmiy ravishda hech qanday huquqiy oqibat tug‘dirmasligi, g‘araz niyatda harakat qilmaganligi, shunday bo‘lsada ixtiyoridagi rasmiy hujjatlar asosida L.To‘xtamishovga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzganligi, ish hujjatlariga ko‘ra L.To‘xtamishovning harakatlarida haqiqatdan ham O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 135-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lganligi, shu bois L.To‘xtamishovga nisbatan ma’muriy bayonnomaning mazmuni to‘g‘ri ekanligi, ma’muriy bayonnoma tuzilishi oqibatida jiddiy zarar yetkazilmaganligi sababli, M.Sultonovning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 209-moddasi yoki 228-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar alomatlari mavjud emas deb topadi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqarilishi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

Qonunning mazmuniga ko‘ra, ishda to‘plangan dalillarning yetarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi haqidagi shubhani bartaraf qilishning imkoniyati yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

Qayd etilganlarga asosan, sudlov hay’ati, sud hukmini bekor qilishni, uning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasining 1-qismi, JK 209-moddasining 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat tarkibi mavjud emas deb hisoblab, ishni JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan tugatishni, M.Sultonovni aybsiz deb topib oqlashni, uning yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda bartaraf qilish huquqiga ega ekanligini e’tirof etishni, kassasiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudining 2014 yil 8 oktyabrdagi Sultonov Mirzo Temirovichga oid hukmi bekor qilinib, OQLANDI.

 

S. Nayimov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi  sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!