Bu yil 247 ta korxonadagi davlat ulushlari ommaviy savdolarga chiqariladi

Bu yil 247 ta korxonadagi davlat ulushlari ommaviy savdolarga chiqariladi

Er uchastkalari 3 oyda sotilmaganda, boshlang‘ich qiymatining 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda – 10 foizigacha pasaytiriladi va to‘lovlarining 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Birinchidan, qaror bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:

  1. 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) ommaviy savdolarga chiqariladi;
  2. 1028 ta ko‘chmas mulk ob’ekti ommaviy savdolarga chiqariladi;
  3. 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi;

(O‘zbektelekom, O‘zbekgidroenergo, Olmaliq KMK, O‘zbekgeologiyaqidiruv, O‘zbekgeofizika - 2 foizdan; Tovar-xomashyo birjasi - 2,4 foiz; Temiryo‘lkargo, O‘ztemiryo‘lkonteyner - 4 foizdan; “Toshkent” RFB, O‘zbekiston pochtasi, UzAuto Motors Powertrain, Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish - 5 foiz).

Ikkinchidan, davlat aktivlarini sotishni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:

  1. davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi;
  2. 2024 yil 1 yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqi beriladi;
  3. davlat ko‘chmas mulkini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan er va mol-mulk soliqlari ushbu ob’ektlar uchun to‘langan mablag‘larga proporsional ravishda hisoblanadi.

Uchinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtirish maqsadida quyidagi tartib o‘rnatilmoqda:

  1. er uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oyda sotilmaganda, boshlang‘ich qiymatining 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda – 10 foizigacha pasaytiriladi va to‘lovlarining 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
  2. 4 va 5-toifadagi tumanlarda joylashgan davlat aktivlari va mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari bo‘yicha to‘lovlar 5 yil ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Yer uchastkalarini sotib olganda ularni garovga qo‘yish uchun talab etiladigan amaldagi 35 foiz to‘lov miqdori 15 foizga tushirilmoqda.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!