BMT bosh kotibi Yuqori Chirchiqdagi yirik fotoelektr stansiyasini borib ko‘rdi

BMT bosh kotibi Yuqori Chirchiqdagi yirik fotoelektr stansiyasini borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 1 iyun kuni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi quvvati 200 megavatt bo‘lgan Acwa Power Riverside Solar quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

O‘zAning xabar qilishicha, dastlab oliy martabali mehmonga 2030 yilgacha O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish strategiyasi, muqobil energiya ishlab chiqarish sohasida quvvatlarni yaratish dasturi haqida taqdimot qilindi.

Jumladan, Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida qiymati 400 million dollarlik, 200 megavatt quvvatiga ega bo‘lgan loyiha amalga oshirildi. Buning uchun 460 gektar yer maydoni ajratilgan. Hozirgi kunda 150 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, keyinchalik Parkent tumanida 500 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushiriladi.

Mazkur sa’y-harakatlar natijasida 130 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 180 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Asosiy maqsad aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdir.

BMT bosh kotibi O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini aytib o‘tdi. Bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi maqsad va vazifalarga erishishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!