Agar shayton vasvasa qilsa...

Agar shayton vasvasa qilsa...

1. Shayton insonlarning qo‘lidagi narsaga ta’magirlik qilishga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi va’dasini eslang: “Erda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” ("Hud" surasi, 6-oyat). 

2. Shayton uzun orzular qilishga vasvasa qilib, o‘limni unuttiradi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir ("Luqmon" surasi, 34-oyat).

3. Shayton bu dunyoni o‘yin-kulgu, maishat bilan o‘tkazishga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: (Ey, Muhammad!) Ularga qo‘yib bering: yesinlar, foydalansinlar va orzular ularni mashg‘ul qilaversin! Bas, yaqinda (qilmishlarining oqibatini) bilib olurlar” ("Hijr" surasi, 3-oyat).

Boshqa oyatda Alloh taolo bunday ogohlantiradi: (Ey, Muhammad!) Ko‘rdingizmi, agar Biz ularni (uzoq) yillar (sihat-salomatlik, mol-davlat bilan) foydalantirsak, so‘ngra ularga va’da qilingan narsa (ya’ni azob) kelganda, ularga (dunyoda) foydalangan narsalari asqotmaydi” ("Shuaro" surasi, 205-207-oyatlar).

4. Shayton insonlardan umidvor bo‘lishga, ularga suyanishga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh o‘zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (me’yor va muddatni tayin) qilib qo‘ygandir” ("Taloq" surasi, 2-3 – oyatlar).

5. Shayton musulmonlar ustidan mazax qilishga, ularni kamsitishga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Holbuki, kuch-qudrat faqat Allohniki, Uning payg‘ambariniki va mo‘minlarnikidir. Lekin munofiqlar (buni) bilmaslar” ("Munofiqun" surasi, 8-oyat).

6. Shayton obro‘-e’tibor qozonish, odamlarning olqishlariga uchishga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: (Ey, Muhammad!) Rabbingizning rahmatini (payg‘ambarlikni) ular taqsimlaydilarmi?! Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz taqsimlaganmiz va bir-birlarini bo‘yin sundirish (ishlatish)lari uchun ba’zilarini ba’zilaridan darajalarini ko‘tarib qo‘yganmiz. Rabbingizning rahmati esa ular to‘playdigan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” ("Zuhruf" surasi, 32-oyat).

7. Shayton ziqnalik qilishga, mol-dunyo to‘plashga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Sizlarning huzuringizdagi narsalar tugab ketur. Alloh dargohidagi narsalar esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” ("Nahl" surasi, 96-oyat).

8. Shayton g‘ururga ketishga, boshqalarni past sanashga vasvasa qiladi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir ("Hujurot" surasi, 13-oyat).

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘li – hidoyatida sobit qadam qilsin. Shayton vasvasasidan o‘z panohida saqlasin.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!