Xususiy tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati o‘zgaradi

Xususiy tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati o‘zgaradi

Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining «Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.

Norma’ning yozishicha, 2019 yil 1 yanvardan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga (Vazirlar Mahkamasining 7.01.2011 yildagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan; bundan keyin – Ro‘yxat) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Birinchidan, ro‘yxatdan quyidagi faoliyat turlarini chiqarib tashlash mo‘ljallanmoqda:

• metall va tunuka buyumlar tayyorlash va ta’mirlash (Ro‘yxatning 15-bandi);
• yog‘ochdan (mebeldan tashqari) va alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash (Ro‘yxatning 18-bandi);
• shisha va oynalarni qirqish, shishaga badiiy ishlov berish (Ro‘yxatning 28-bandi);
• binolarga oyna o‘rnatish xizmatlari (Ro‘yxatning 29-bandi);
• reklamani ishlab chiqish va joylashtirish (Ro‘yxatning 47-bandi);
• o‘simlik, hayvonlar va minerallardan tayyorlangan dorivor xom ashyoni yetishtirish, yig‘ishtirish, tayyorlash, qadoqlash va ulgurji sotish (Ro‘yxatning 63-bandi);
• shisha idishlar va ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish xizmatlari, metall chiqindilaridan tashqari (Ro‘yxatning 66-bandi);
• tashkilotlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha xizmatlar (Ro‘yxatning 73-bandi).

Ikkinchidan, Ro‘yxatning ayrim bandlariga tuzatish kiritish ko‘zlanmoqda. Masalan, 1 va 3-bandlar bitta faoliyat turiga birlashtiriladi: amaldagi tahrirdagi mazkur bandlarda belgilangan istisnolar bilan birga savdo shoxobchalarida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish.

Shu sababli turg‘un shoxobchalarda aralash savdo qilish, shuningdek tovarlarni import qilish va chakana sotish (Ro‘yxatning 4, 5-bandlari) ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi.

Ko‘chma savdo ob’ektlarida aralash savdo qilish (vaqtincha joylashtirilgan va mavsumiy yoki maqsadli tusga ega bo‘lgan, shuningdek ish kuni yakunlangandan keyin demontaj qilish va ko‘chirishni talab qiluvchi ob’ektlar), ya’ni ko‘chma savdo yuzaga keladi.

Eslatib o‘tamiz, ko‘chma savdo Davlat xizmatlari markazlari orqali tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Ro‘yxatning 36-bandini esa kengaytirib, 4 ta mustaqil faoliyat turiga «bo‘lish» taklif etildi:

• milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlarini tayyorlash (uy sharoitida) va sotish;
• yopgan non va patir tayyorlash va sotish (formali non mahsulotlari bundan mustasno);
• popkorn, frezerda muzqaymoq va qadoqlanmagan ko‘rinishda yaxna ichimliklar (sharbat, ayron, go‘ja) tayyorlash va sotish;
• salatlar va tuzlamalar tayyorlash va sotish, shuningdek uy sharoitlarida o‘tirish joylari tashkil etmasdan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va sotish (turg‘un savdo shoxobchasida sotish bundan mustasno).

Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.

Manba: 7news.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!