Xorazmda noqonuniy ovga aloqador hokim o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Xorazmda noqonuniy ovga aloqador hokim o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Tuproqqal’a tumani hokimi o‘rinbosari Shuhrat Shomurodov 19 oktyabr kuni o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etildi. Avvalroq, u va tuman IIB xodimi noqonuniy ovda ushlangandi.

Tuman axborot xizmati xabar berishicha, 16 oktyabr kuni tungi soat 02:00 larda 9203-harbiy qism chegara xodimlari bilan viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ekologik nazorat tadbiri davomida Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Tuproqqal’a tumani, «Tuproqqal’a» mahallasi chegaraoldi hududida 4 nafar fuqaro chegaraoldi hududlarida bo‘lish rejimini hamda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzib, noqonuniy ov qilgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, shu vaqtda Tuproqqal’a tumani «Tuproqqal’a» mahallasidagi ekin maydonlarida, sholi hosili yig‘im terimini nazorat qilib yurgan Tuproqqal’a tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Shomurodov Shuhrat Jahongirovich va IIB xodimi chegara xodimlari ov qilib yurgan fuqarolarni ushlab turganligini ko‘rib, chegara xodimlariga yordam berish maqsadida ularga yaqin borgan. Shunda 9203-sonli harbiy qism chegara xodimlari ularni ham chegara postiga olib borib, ularga nisbatan chegara zonasiga kirish qoidasini buzganliklari haqida ma’muriy bayonnoma tuzilib sud jarayoniga tegishli hujjatlar bilan taqdim qilingan.

Tuproqqal’a tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari 19 oktyabrdan binoan o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plangan hujjatlar asosidagi sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan keyin ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 16 oktyabr kuni harbiy qism chegarachilari bilan o‘tkazilgan ekologik nazorat tadbiri davomida 8 nafar fuqaro noqonuniy ov qilish maqsadida yurganligi aniqlangani xabar berilgandi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!