O‘zimizning «Paxtakor»ni qaytaring! (+video)

O‘zimizning «Paxtakor»ni qaytaring! (+video)

Bugun internetda bir ma’lumotni qidirib, ko‘zim bir rasmga tushib qoldi, deydi Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev. Yuragim jiz etgandek bo‘ldi...

Esimda... Dadam bilan «Paxtakor» - «Nisa» jamoalari o‘yiniga tushgan edik. O‘shanda «Paxtakor» 3:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Yosh bola bo‘lishimga qaramasdan futbolga juda ham qiziqar edim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, stadiondagi atmosfera shundoqqina ko‘z oldimda turibdi. Maydon deyarli liq to‘lgan edi. To‘g‘risi, haligacha o‘sha o‘yin haqida eslasam yuragim hapqirib ketadi. Hozirgi «Paxtakor»ga qarab esa yuragim eziladi. Bilmadim, bilmadim, o‘sha paytlar OCHL o‘yinlarida «Paxtakor» stadionida doim anshlag bo‘lar, biron marotaba muxlislar «Paxtakor»ni yolg‘iz qoldirishmasdi. Hattoki, o‘sha «Bunyodkor» jamoasining braziliyalik yulduzlari bilan ham joyi kelganda tengma-teng olishib kelgan jamoa ediku! 

Yana bir o‘yinni eslasak... «MHSK» stadioni. Odamlar bilan to‘lgan stadionda «Bunyodkor» «Paxtakor»ni qabul qilmoqda. O‘yin tugashiga chamasi 10 daqiqalar qolgandi. Hisobda «Bunyodkor» oldinda borar. Stadion esa to‘liq «Paxtakor»ga muxlislik qilardi. Ishoning, «Bunyodkor» o‘sha payt «sherlar»dan ancha kuchli edi. Lekin «Paxtakor»ning oriyati undan ham kuchlilik qildi. Va Zayniddin Tojiyev o‘yin tugashiga 2 daqiqa qolganda hisobni tenglashtirdi. Ana o‘shanda butun stadion oyoqqa qalqigan edi. Men uchrashuvni stadiondan kuzatgandim. O‘shanda «Bunyodkor» fan klubidan tashqari hamma qiyqirib yuborgandi, men esa chin yuragimdan sezgan edim - xalqimizning qanchalar «Paxtakor»ni sevishini! Moliyaviy baquvvat raqibi oldida xalq hech ham «Paxtakor»ni yolg‘iz qoldirmasdi u paytlar...

Men yaqin o‘tmishni qo‘msayman... Aniq esimda 2003-2004 yilgi mavsum so‘ngida «sherlar» jamoasi Osiyo qit’asida klublar reytingida birinchi o‘rinda borardi. Jamoa hech qachon ichki chempionat o‘yinlaridagi g‘alabalarida hech kimda shubha qoldirmasdi. Toshkentda esa deyarli hech kimga yengilmas edi. OCHL yarim finalida «Bektero Sasana» jamoasini qanday ahvolga solganini yoshi katta muxlislar yaxshi eslashadi. O‘sha barchamiz ishongan «Paxtakor» jamoasini juda ham sog‘inyapman. Mening Humoyun ismli ukam bor. U hozirgacha «Paxtakor»ning ashaddiy muxlisi. Hatto u ham tobora «Xalq jamoasi»dan sovub borayotganini tez-tez aytmoqda. Bu esa shonli jamoamiz obro‘sini tobora to‘kilib borayotganiga, humoyunlarning kamayib ketayotganidan dalolatdir.

Bir eslang, bu jamoa o‘z davrida Urugvay termasini ortiqcha qiyinchiliksiz yenggan, o‘z tarixiga, muxlislariga ega yaxlit bir kuch edi. Osiyoning har qanday jamoasini «Xalq jamoa»mizning oldida oyoqlari qaltirab qolardi. «Paxtakor» ota-bobolarimiz ardoqlab kelgan, ulardan bizga qolgan futbol durdonasi edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, kelishilgan o‘yinlaru g‘irrom transferlar, cho‘ntagini qappaytirish uchun yurtimizga chetdan kelgan boshqa millat vakillari bu jamoaning biz uchun qanchalar qadrli ekanligini qayerdan ham bilishsin?! To‘g‘ri, futbol biznes bilan chambarchas bog‘liq. Lekin hayotda pul bilan sotib olib bo‘lmaydigan narsalardan biri bu - muxlislar muhabbati va ishonchi. «Paxtakor» jamoasi o‘zbek xalqining erkatoy farzandi ekanligini tushuna oladigan mutaxassislar klub boshqaruviga kelmagunicha bu jamoa suv ostiga cho‘kishda davom etaveradi.

So‘nggi so‘z: Mana shu videoni albatta ko‘ring! O‘sha davrlarni bir eslang...!

Everyday.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!