O‘zbekistonlik hojilar "Eng namunali hojilar", deb e’tirof etildi

O‘zbekistonlik hojilar "Eng namunali hojilar", deb e’tirof etildi

Joriy yil 9-12 avgust kunlari Qarshi xalqaro aeroportidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 800 nafardan ortiq yurtdoshimiz Haj amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan edi. Ular 32 kun davomida muborak Haj ziyoratini ado etib, Vatanimizga eson-omon qaytib keldi.Bu yil Qashqadaryo viloyatidan 413 kishi muqaddas Haj ziyoratini ado etdi. Mana shunday saodatli damlarda Haj amallarini ado etgan yurtdoshlarimiz bugungi dorilomon kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, xayrli duolar qildi.

– Shu kunlarga yetkazganiga Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Haj ziyoratida ibodat amallarini to‘kis ado etdik, – deydi Qambar momo Sofiyeva. – U yerda bizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatildi. Shinam mehmonxonalarga joylashdik, avtobuslar xizmatimizda bo‘ldi. Hammani bu saodatga musharraf qilsin. Biz keksalarga shunday qulayliklar yaratib bergan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, yurtimiz istiqlolga erishgandan so‘ng viloyatdan 4 mingdan ziyod kishi Haj amalini bajarib qaytdi. Yurtdoshlarimizning Haj amalini bajarishi uchun davlatimiz tomonidan qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ham Haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish uchun Saudiya Arabistonida ziyoratchilarga hashamatli mehmonxona, qulay sharoitlar, iste’mollari uchun pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillari uchun avtobuslar, malakali tibbiy xizmatlar muhayyo qilindi.

– Hojilarimiz Haj ziyoratini juda tartibli ado etdi, – deydi ziyoratchilar guruhi rahbari O‘tkir G‘uzorov. – Bunday deyishimga sabab, Madina shahri amiri Faysal ibn Salmon hazratlari dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan Haj delegasiyalari rahbarlari uchun o‘tkazilgan qabul marosimida o‘zbekistonlik hojilar eng namunali hojilar bo‘ldi, deb e’tirof etdi va buning uchun davlatimizga, hojilarimizga, ishchi guruhga alohida minnatdorlik bildirdi. Bu ham biz uchun katta sharaf. Zero, bu hojilarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib avlod ekanliklarining amaldagi isbotidir.

Manba: uza.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!