O‘zbekistondan Xitoyga aviaqatnovlar ko‘paytiriladi

O‘zbekistondan Xitoyga aviaqatnovlar ko‘paytiriladi

2023 yil 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik fuqarolarning Xitoyga sayohatlari tashkil etilgan. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 45 ming nafarga yaqin turist tashrif buyurgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich bir necha barobar ortishi kutilmoqda.

Poytaxtimizda Turizm qo‘mitasi, O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi va Xitoyning “Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyalari tashabbusi bilan biznes-forum tashkil etildi.

Unda qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida O‘zbekistondan Xitoyning Xaynan provinsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Tomonlar aviaqatnovlarni joriy yilning iyun oyidan boshlab haftasiga bir marotaba, keyinchalik 3 marotaba oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Xitoydan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

- O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlar alohida ahamiyatga ega, - deydi “Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyasi rahbari He Jin. - Xitoyda O‘zbekistonning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganini alohida qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir.

Forum davomida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar tomonidan turizm sohasining bugungi holati muhokama qilindi, kelgusidagi rejalar ishlab chiqildi.

Ikki davlat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlari imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!