O‘zbekistonda vertolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekistonda vertolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Bu haqda 23 fevral kuni Transport vazirligida Airbus International kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vise prezidenti Jak Garrig o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va istiqbolli rejalar muhokama etildi.

Xususan, Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olish, ushbu havo transport turida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yetakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda xorijiy davlatlarning vertolyotlar ekspluatasiyasi va uchuvchilar uchun treninglar o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Airbus International kompaniyasi vakillari aeroportlarni boshqarish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi. Uchrashuv davomida fransuz tomoni joriy yilning may oyida Fransiya savdo vazirining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muzokaralarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ma’lumotlar almashish va istiqbolda hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!