O‘zbekistonda olti oyda qancha haydovchi mast holatda transport vositasini boshqargani uchun jazoga tortilgani ochiqlandi

O‘zbekistonda olti oyda qancha haydovchi mast holatda transport vositasini boshqargani uchun jazoga tortilgani ochiqlandi

O‘zbekistonda 2024 yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 342 ming 109 nafar shaxsga nisbatan 285 ming 651 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib Daryo nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, yanvar—iyun oylari davomida 222 ming 101 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llanilgan. Yarashilgani munosabati bilan 39 ming 935 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.

Ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug‘ullanish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish va yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etgan.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha 18 ming 403 nafar shaxsga nisbatan 17 ming 982 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 11 ming 568 nafar shaxsga nisbatan jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanilgan.

Shu bilan birga transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 14 ming 556 nafar shaxsga nisbatan 14 ming 427 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 12 ming 867 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanilgan.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 935 nafar shaxsga nisbatan 852 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 187 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 226 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Avvalroq Toshkentda “prava”si bo‘lmagan shaxs boshqaruvidagi avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!