O‘zbekiston: Poyabzal bojini ko‘tarayotgan O‘zcharmsanoat yolg‘onchimi?

O‘zbekiston: Poyabzal bojini ko‘tarayotgan O‘zcharmsanoat yolg‘onchimi?

Oyoq kiyimlar importi bojini oshirish haqidagi qaror loyihasi noroziliklarga sabab bo‘ldi. Qaror tashabbuskori "O‘zcharmsanoat" uyushmasi uni himoya qilaman, deb hol qo‘ygani aytilmoqda. Bu haqda bbc.com maxsus xabar e’lon qildi.

Regulation.gov.uz saytiga qo‘yilgan qaror loyihasida 2019 yilning 1 iyulidan boshlab, import qilinayotgan poyabzalga 30 foizlik boj to‘lovi kiritish belgilangan.

Qaror loyihasiga fikr bildirganlarning ko‘pchiligi bu navbatdagi monopoliya ichki bozorda narxlarning oshishi va sifatning tushishiga olib kelishini yozgan.

"O‘zcharmsanoat" uyushmasi 15 iyun kuni qaror loyihasini himoya qilish uchun o‘z saytida xabar chop qildi.

Unda jahondagi poyabzal importiga qo‘yilgan bojlarni solishtirish orqali joriy qilinishi kutilayotgan 30 foizlik boj to‘lovini oqlashga harakat qilingan.

"Bugungi kunda poyabzal mahsulotlari uchun Pokistonda 25%, Turkiyada 30-50%, Vyetnamda 10-20%, poyabzal sanoati rivojlangan va mahsulotlari butun dunyo bo‘ylab sotilayotgan Xitoyda esa 100% import boji o‘rnatilgan", - deyiladi O‘zcharmsanoat uyushmasi maqolasida.

Biroq iqtisodchilar uyushmani yolg‘onchilikda aybladi.

"Vijdonsiz yolg‘onchilar", deb yozdi Medison (AQSh)dagi Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Facebook sahifasida.

"Birinchidan, Xitoy Jahon savdo tashkiloti (JST)ning a’zosi, bu degani unga a’zo davlatlar uchun boj tariflari o‘rtacha nolga teng. Ikkinchidan, JSTga a’zo bo‘lmagan davlatlar uchun ham poyabzal boji atigi 12%. Bundan tashqari Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Xitoyda o‘rtalama boj 3,7%ni tashkil qilgan. Bu savdo urushini inobatga olganda", deydi u.

Iqtisodchi boshqa davlatlarda oyoq kiyimlarga qo‘yilgan boj deyarli nolga teng ekanligini aytgan.

"O‘zcharmsanoat" bojlarning ko‘tarilishi monopoliyaga olib kelishi mumkin, degan e’tirozga O‘zbekistonda 700 dan ortiq poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritishini misol keltirgan.

Uyushma rag‘batlantirish mexanizmi, ya’ni "proteksionizm" butun dunyo bo‘ylab keng qo‘llanilishini ta’kidlagan va O‘zbekistonda ham shu yo‘lda borish orqali mamlakat sanoatini rivojlantirishi mumkinligiga ishora bergan.

"Erkin savdo siyosati (fritreyding) esa, ayniqsa sanoati yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatda ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqishni kamaytirib mamlakat sanoatining vayron bo‘lishiga, iqtisodiy pasayish va qashshoqlikka olib keladi", deyiladi rasmiy maqolada.

Yana bir iqtisodchi, korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov O‘zbekistonda elektr texnologiyalar sanoatiga yaratilgan proteksionist muhitdan so‘ng charm-poyabzal sanoatini "himoya" qilish yangi proteksionizm (rag‘batlantirish mexanizmi) loyihasi kirib kelayotganidan xavotir bildirgan.

"Proteksionizm va imporning o‘rnini bosish siyosatining zararlari to‘g‘risida ko‘p yozdim va gapirdim. 30 million juft oyoqdan iborat bozorni kurashsiz va raqobatsiz hamda natijada ularning qimmat baho va sifati past mahsulotiga tahdid tug‘dirmaydigan holatda sotib olish siyosati ishlab chiqaruvchilarga juda ham qulay va foydalidir. Yana mahsulotning zamonaviyligi va modasi borasida ham xavotirga tushmasa bo‘ladi", deb yozdi u.

U Xitoydagi poyabzal importi borasida noto‘g‘ri tasavvurga ega "O‘zcharmsanoat" uyushmasi mutaxassislarining malakasini savol ostiga oldi.

Bunday boshqaruv bilan 300 foizlik boj to‘lovi kiritilsa ham sohani mag‘lubiyatdan qutqarib bo‘lmaydi, deydi u.

Iqtisodchi agar qaror loyihasi qabul qilinsa, odamlar sifatli mahsulotlarni internet orqali buyurtma qilishga o‘tib ketishi, kontrabanda va qora bozor rivojlanib ketishiga olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Sifatli oyoq kiyimlarning narxi oshib ketadi.

Poyabzal bojlarining oshishi mumkinligi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bloger Shahnoza Soatova o‘z o‘quvchilarini qaror loyihasiga faol munosabat bildirishga chaqirdi.

"Boj oshsa, sifatli poyafzal yanada qimmatlashadi. Qachongacha bir yilga yetmay poshnasi uzilib, og‘zi ochiladigan oyoq kiyimlarda yuramiz? Qachongacha lobbistlar foydasiga xalq pul to‘layveradi? O‘zimizda sifatli oyoq kiyim chiqarishni o‘rganishsin avval, keyin chetdan keladigan sifatli tovarning yo‘lini to‘sishsin", deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!