Tramp cherkov ruhoniysi uchun Turkiyadan voz kechdimi?

Tramp cherkov ruhoniysi uchun Turkiyadan voz kechdimi?

Prezident Donald Tramp kecha cherkov ruhoniysi Endryu Bransonning ozodlikka chiqarilishi uchun AQSh hech narsa to‘lamasligini Tvitter orqali ma’lum qildi. “Turkiya yillar davomida AQShdan foydalanib keldi. Hozir esa ajoyib nasroniy pastorimiz ushlab turilibdi, undan mamlakatimizning buyuk vatanparvar asiri bo‘lishini so‘rashga majburman. Begunoh bir insonning ozod etilishi uchun hech narsa to‘lamaymiz, balki Turkiyani qo‘llashni kamaytiramiz”, – deya yozdi Tramp.

Anqara terrorchilarga aloqadorlikda ayblayotgan Bransonning begunohligini Vashington qayta-qayta takrorlamoqda va zudlik bilan ozodlikka chiqarilishini talab qilmoqda. AQShning tahdidlari va sanksiyalari Turkiyaga og‘ir botmay qolmadi, albatta. Ikki davlat shundoq ham bir qator masalalarda chiqisha olmayotgan edi (AQShning Suriyadagi kurd jangarilarni qo‘llab-quvvatlashi, Turkiyaning Rossiyadan S-40 havo hujumidan mudofaa tizimini xarid qilishiga e’tiroz bildirishi va Anqaraga F35 qiruvchi samolyotlarini sotishdan voz kechish haqidagi po‘pisalari, Turkiya davlat to‘ntarishiga urinishda ayblagan Fathulloh Gulenning AQShdan esktradisiya qilinmasligi, Istanbuldagi AQSh konsulligi xodimi bo‘lgan Turkiya fuqarosi Metin Topuzning terrorchilikka aloqadorlikda ayblanib qo‘lga olinishi va hokazo).

Pastor Branson mojarosi ikki o‘rtadagi munosabatlarni yanada taranglashtirib yubordi.

Kim o‘zi bu Brason?

Ellik yoshli yevangelist Endryu Branson Shimoliy Karolina shtatining Blek Mauntin shaharchasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Meksika, Pokiston va Rossiyada missionerlik bilan shug‘ullangan. Pastor bo‘lishgan qaror qilgan Branson 90-yillarda Turkiyaning uchinchi yirik shahri bo‘lmish Izmirga xotini va uchta bolasi bilan ko‘chib keldi. Bu yerda u jamoasi bir necha o‘n kishidan iborat bo‘lgan yevangelistlar cherkoviga boshchilik qilib keldi.

2016 yilning 15 iyuli Turkiya zamonaviy tarixining eng qora kunlaridan biri hisoblanadi. Shu kuni harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinib ko‘rdi, buning oqibatida 180 nafar tinch aholi vakili, 62 polisiyachi va 6 askar halok bo‘ldi. Davlat to‘ntarishini uyushtirishda anchadan beri AQShning Pensilvaniya shtatida yashab kelayotgan diniy voiz Fathulloh Gulan ayblandi. Turkiyada Gulanning tarafdorlarini qamash boshlandi va 2016 yilning noyabrida Endryu Branson ham ular qatorida qo‘lga olindi. Aytilishicha, davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin cherkov ruhoniysi amerikalik harbiylardan biriga afsus to‘la SMS yuborgan. Turkiya prokuraturasi uning Gulan bilan aloqada bo‘lgani va qo‘poruvchilik faoliyati uchun undan pul olib turganini iddao qilmoqda, shuningdek, missioner niqobi ostida harbiy josuslik bilan shug‘ullanganini aytmoqda. Anonim guvohlardan birining sudda aytishicha, pastor cherkovda kurdlar orasiga nasroniylar harakatini tuzish va shuning asosida kurdlar davlatini barpo etish g‘oyasini targ‘ib qilgan. Ruhoniy Turkiyaning kurdlar zich yashaydigan hududlariga bir necha bor borganini inkor qilmadi, biroq u yerlarda suriyalik qochqinlarga yordam berganini bildirdi. Kurdlar esa Turkiya uchun juda nozik masala hisoblanadi.   

O‘tgan yilning kuzida Turkiya AQShga Bransonni Gulanga almashtirishni taklif qildi, ammo Vashington bunga rozi bo‘lmadi: ularga Gulan ham, Branson ham kerak!

“Isoning shogirdlari uning uchun azob chekishdi, endi mening navbatim. Men begunohman. Barcha ayblovlarni rad etaman. Biroq nima uchun bu yerda ekanimni bilaman. Men bu yerda Iso uchun azob chekish uchun o‘tiribman”, – dedi ruhoniy sudda.

Sanksiyalar va tahdidlar

Joriy yilning bahorida Donald Tramp Tvitter orqali bir necha bor Endryu Bransonning ozod etilishi kerakligini aytdi. Keyinroq vise-prezident Mayk Pens Turkiya ruhoniyni ozod qilishi kerakligini, aks holda uni og‘ir oqibatlar kutib turganini ta’qidladi. Turgan gapki, bu NATO bo‘yicha ittifoqchisining bu po‘pisasi Anqaraga yoqmadi. Shundan bo‘lsa-da, Endryu Branson “salomatligi yomonlashgani sababli” uy qamog‘iga o‘tkazildi. Ammo Vashingtongga bu kamlik qildi: 1 iyulda Turkiya Ichki ishlar va Adliya vazirlariga sanksiya e’lon qilindi. Keyin Turkiyadan import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga bojlar ikki baravar oshirildi. Anqara ham xuddi shunday yo‘l tutdi: AQShning ikki vaziriga sanksiya e’lon qildi, AQShdan import qilanadigan 22 xil mahsulotga bojlarni keskin oshirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi mojarodan ko‘proq zarar ko‘rgan Turkiya bo‘lyapti: turk lirasi dollarga nisbatan birdaniga qadrsizlana boshladi.

Amerika ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hukumatning Bransonni bunchalik qo‘llab-quvvatlashining aslida boshqa sababi bor: siyosatchilar shu orqali yaqinlashib kelayotgan kongress saylovida konservativ nasroniylarning qo‘llovini olishni istamoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an AQShning bu tutumi Anqarani yangi do‘stlar izlashga majbur qilayotganini aytdi. U AQShning elektronika mahsulotlariga boykot e’lon qildi, shuningdek, aholini oltin va dollarlarni sotishga chaqirdi. Ta’kidlash joizki, bu chaqiriq javobsiz qolayotgani yo‘q. Bu chora Turkiya iqtisodiyotiga qanchalik yordam beradi, bunisi mutaxassislarga ayon.

“Ularning dollari bor, bizning esa Allohimiz!” – dedi Erdog‘an. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!