Toshkent hayvonot bog‘iga kichkina tog‘ echkisi olib kelindi

Toshkent hayvonot bog‘iga kichkina tog‘ echkisi olib kelindi

Kichkina shoxli tog‘ echkisi – morxo‘r yozda Toshkent hayvonot bog‘iga olib kelindi. Bu morxo‘rni Surxondaryo viloyatidagi ovchilik fermasi xodimlari cho‘ponning itidan qutqarib olgan, deb xabar berdi poytaxt hayvonot bog‘i matbuot xizmatiga tayanib «Gazeta.uz».

Shundan so‘ng Surxon davlat qo‘riqxonasi inspektorlari dalolatnoma tuzib, Davlat ekologiya qo‘mitasi ko‘magi bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonni Toshkent hayvonot bog‘iga topshirdi.

Hayvonot bog‘i veterinari tekshiruvidan so‘ng morxo‘r boshidan jarohat olganligini va u o‘sha paytda atigi 30-35 kunlik bo‘lgani aniqlandi.

Hayvonot bog‘i xodimlari tog‘ echkisiga Kichkintoy deb nom berishdi. «Hayvonot bog‘ining veterinariya klinikasida dastlabki ikki oy davomida tungi smenalarni tashkil etish, jarohatlangan hayvonni tunu kun parvarish qilish va har uch soatda ovqatlantirish kerak edi», – deyiladi xabarda.

Toshkent hayvonot bog‘iga kichkina tog‘ echkisi olib kelindi

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Ikki oy o‘tgach, Kichkintoy sog‘ayib ketdi va Tuyoqlilar bo‘limidagi turdoshlariga qo‘shildi. Ko‘p o‘tmay echki u yerda ovqat yeyishni rad qila boshladi va bu oshqozon-ichak traktining buzilishiga olib keldi.

Tog‘ echkisi yana veterinariya shifokorlariga qaytarildi. Eng qizig‘i Kichkintoy feldsher Jahongir Rasulovga bog‘lanib qoldi. Bog‘ning yangi mehmoni endi feldsherni ham onasi, ham otasi o‘rnida ko‘rmoqda va doim uning orqasidan ergashib yuribdi.

«U hali ham veterinariya klinikasida yashaydi, u yerda o‘zining yozgi joyi va issiq xonasi bor. U har kuni veterinariya shifokorlari nazorati ostida, tashrif buyuruvchilar bo‘lmaganida veterinariya klinikasi va hayvonot bog‘i atrofida aylanib yuradi.

U Shou ismli mushukning orqasidan yuguradi, ishchilar bilan o‘ynaydi. Kichkintoy juda aqlli, uy itidan past bo‘lmagan darajada yuqori aqlni namoyish etadi. Agar uni vaqtida sayrga olib chiqishmasa, g‘azablanishini ko‘rish kulgili», — deyishdi hayvonot bog‘i xodimlari.

Toshkent hayvonot bog‘iga kichkina tog‘ echkisi olib kelindi

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Matbuot xizmati, shuningdek, Kichkintoy yaqinda nasl qoldirish uchun turdosh echkilar orasiga qo‘shilishini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!