Shavkat Mirziyoyev: "Farmon va qarorlar chiqarib, imkoniyatlar yaratilsa ham natija ko‘rinmayapti"

Shavkat Mirziyoyev: "Farmon va qarorlar chiqarib, imkoniyatlar yaratilsa ham natija ko‘rinmayapti"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha, 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Prezident yig‘ilishda soha oldida turgan qator muammolarga to‘xtaldi. 

"Farmon va qarorlar chiqarilib, sohaga shuncha imkoniyatlar yaratildi, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin sog‘liqni saqlash tizimida kutilgan natijalar ko‘rinmayapti. Ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezayotgani yo‘q", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning o‘tgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani, bu sohada hali muammolar borligini ko‘rsatishi qayd etildi. 

Masalan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi va malakali kadrlar bilan ta’minlanish darajasi talabga javob bermaydi. Buning oqibatida hududlardagi bemorlar katta mablag‘ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bois yig‘ilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni to‘liq qayta ko‘rib chiqish, o‘rganishlarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikadan  markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi ta’kidlandi. 

Tibbiy xizmat ko‘rsatishda respublika, viloyat, tuman va qishloq bo‘g‘inlari o‘rtasida bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda, avvalo, mahallalarda profilaktika ishlari va tibbiy ko‘riklar yaxshi tashkil etilib, kasalliklarning oldi olinadi, zarur hollarda bemorlar tuman va viloyat markazlariga yuboriladi. Tuman tibbiyot birlashmalari esa kasallarni imkon qadar o‘zida davolab, og‘ir bemorlarni viloyat va respublika muassasalariga yo‘naltiradi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari esa o‘z ixtisosligi bo‘yicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirib, aholi salomatligini mustahkamlaydi.

Manba: qalampir.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!