Samarqand hokimligi eri xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan ayolni yarashtirmoqchi

Samarqand hokimligi eri xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan ayolni yarashtirmoqchi

Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik ayolning doimiy ravishda turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanib kelishi haqida videolavhalar tarqaldi.

Ushbu holat bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi, vaziyat nazoratga olindi. Hozirda surishtiruvlar davom etmoqda. Ayolning ayni kundagi ahvoli haqida ham ozmi-ko‘pmi ma’lumotlar berilmoqda. 

— Hozirda ayolga tibbiy, ruhiy yordam ko‘rsatilmoqda, — deydi Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Zebiniso Rahmonova. — Ruhshunos mutaxassis har kuni u bilan muloqot olib borib, tegishli muolajalarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, unga va farzandlariga tibbiy ko‘mak ko‘rsatilib, vaqtincha yashashi uchun sharoit yaratilgan. Tergov-surishtiruv ishlari davom etayotgani, unga tazyiq yoki biror bir tahdidlarning oldini olish uchun ayolning qayerda ekanligi haqida ma’lumotlar ochiqlanmasligi ma’qul. 

Ayolning oilasi, mahallasiga borib, vaziyatni o‘rgandik. Oilasi, qaynona-qaynotasi kelini haqida juda yaxshi fikrda. Ularning aytishicha, o‘sha kuni kelini ogohlantirmay qarindoshinikida qolib ketgan. Janjal shundan kelib chiqqan. 

Ayol bir necha yildan beri tahqir, xo‘rlanishlar ostida yashab kelsa-da, ammo biror marta na mahallaga, na boshqa tashkilotga murojaat qilmaganini aytdi. Shuning uchun mahallada bu oila notinch oila sifatida ro‘yxatda turmaydi. 

Mahallalardagi notinch oilalarni o‘rganish, ular bilan ishlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi. Xususan, notinch oilalarni hisobga olish, ulardan xabardor bo‘lib turish mahalla raisi o‘rinbosarlarining asosiy vazifasidir. Shu yilning o‘zida Samarqand shahri bo‘yicha 200 ga yaqin notinch oiladagi ahvol ijobiy tomonga o‘zgargan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!