Polshalik olim Georgiy Xachiyev: "Varshavada O‘zbekiston tarixiga oid 300 ta fotosurat saqlanmoqda"

Polshalik olim Georgiy Xachiyev: "Varshavada O‘zbekiston tarixiga oid 300 ta fotosurat saqlanmoqda"

Surxondarning Termez shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro arxeologiya-sayyohlik forumida ko‘plab taniqli olimlar va tarixchilar ishtirok etmoqda. Ulardan biri, polshalik tarixchi olim, "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" loyihasining Chexiya va Polshadagi koordinatori Georgiy Xachiyev quyidagilarni ma’lum qildi:

Chexiya respublikasida O‘zbekistonga oid madaniy meros namunalarining 95 foizi Osiyo, Afrika va Amerika madaniyati muzeylarida saqlanadi. Jamlanmalarga juda noyob eksponatlar kiradi. Ular oldingi davrlarda sotib olingan yoki ularning egalari tomonidan taqdim etilgan. Milliy matolar, so‘zanalar, sopol va zarhal iplar bilan to‘qilgan mahsulotlar, badiiy o‘ymakorlik buyumlari shular jumlasidandir.

Polsha haqida gapiradigan bo‘lsak, Varshava shahridagi mashhur Osiyo va Tinch okean muzeyi haqida to‘xtalib o‘tish kerak. Bu muzeyni polshalik diplomat tashkil qilgan. U Indoneziyaga borganida ilk eksponatlarni to‘plashni boshlagan. So‘ng bu muzey O‘zbekistonning XIX asrdagi va undan keyingi hayotiga oid 300 ta asori atiqa bilan boyitilgan.

Madaniy merosning Chexiyaga bag‘ishlangan boblari hozirda ko‘p adadli nashrga tayyor qilib qo‘yilgan. Polshaga oid qismi esa, menimcha joriy yilning oxirigacha tayyor bo‘ladi. Ayni paytda manbalarni to‘plash jarayoni davom etmoqda.

Men Xiva, Samarqand va Buxoroda bir necha marta bo‘lganman. Bu shaharlarning tarixiy arxitekturasi meni hayratga solgan. Ayniqsa "Ichon-Qal’a"ga borganda afsonaviy shaharning go‘zalligiga tan berganman. O‘ylaymanki, bunga o‘xshash joylar dunyoning boshqa mamlakatlarida yo‘q. Bu shaharlarning har birining o‘ziga xos diqqatga sazovor maskanlari, asrlar davomida saqlanib kelayotgan arxitektura yodgorliklari bor.

Biz polshalik keksa fotograf Leon Borshevskiyning O‘zbekistonga oid kolleksiyasini ham taqdim etmoqdamiz. U XIX-asrda Turkiston harbiy okrugiga xizmat qilish uchun kelgan. O‘sha paytlarda Polsha Rossiya imperiyasi tarkibiga kirar edi.

L.Borshevskiy Samarqand va Buxoroda bo‘lib, o‘sha vaqtdagi odamlarni, o‘zbek xalqining milliy kiyimlari, do‘ppilari hamda arxitektura yodgorliklarini tasvirga olgan. Ular bundan ikki asr burun yashagan o‘zbeklarning turmushi, an’analari, liboslari haqida aniq tasavvur qilish imkonini beradi. Bu fotograf 20 yil davomida O‘zbekiston shaharlarida to‘plagan fotosuratlaridan 300 dan ortig‘ini meros qilib qoldirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!