Paxta terimi dekabr o‘rtalarigacha cho‘zilishi mumkin

Paxta terimi dekabr o‘rtalarigacha cho‘zilishi mumkin

Tojikistonda dehqonlar paxta hosilini yig‘ishtirib olishga ulgurmayapti. Bu haqda mamlakat Qishloq xo‘jalik fanlar akademiyasi Ziroatkorlik instituti paxta seleksiyasi bo‘limi mudiri To‘ra Yahyoyev ma’lum qildi, deya xabar beradi «Turon 24».

Uning aytishicha, noyabr oyining birinchi o‘n kunligi tugaganiga qaramay, hosilning katta qismi paxtazorlarda qolmoqda. Respublika bo‘yicha yillik reja 62,3 foizga yetgan, xolos.

Bahor faslida yomg‘ir ko‘p yoqqani, dehqonlar yerga kechikib mineral o‘g‘it bergani, kuz faslining yomg‘irli kelishi hosilni vaqtida yig‘ishtirib olinmasligiga sabab bo‘lgan.

«Hosilni yig‘ishtirib olishning kechikishi Tojikiston sharoitida zararli. Bu hosil kamayishiga va sifat yo‘qolishiga olib keladi. Masalan, oktyabr oyining birinchi o‘n kunligida yoqqan yomg‘ir Hisor vodiysi va So‘g‘d viloyatida yetishtirilgan hosilga anchagina zarar yetkazdi», — deydi To‘ra Yahyoyev.

Ma’lum bo‘lishicha, 10 noyabrga qadar kichik dehqon xo‘jaliklari yillik rejani 35-40 foizga yetkazgan. Yirik xo‘jaliklar esa, yetishtirilgan hosilni katta qismini hali yig‘ishtirib ololmadi. To‘ra Yahyoyevning fikricha, Tojikiston paxtazorlarida terim 10 dekabrgacha cho‘zilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!